Dam olish kunlari yog‘ingarchiliksiz o‘tadi

O‘zbekistonda dam olish kunlari yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Ertalab harorat +3 darajagacha pasayadi, yakshanba kuni kunduzi +20 darajagacha isiydi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor yog‘di. Video

13-oktabrning erta tongidan Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li hududlarida qor yog‘a boshladi. Qamchiq dovonida qorning yerga yuqishi tezlashgan. YHXX haydovchilardan oraliq masofani saqlab, tezlikni me’yoridan oshirmaslikni so‘radi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi

Juma kuni O‘zbekiston prezidenti MDH sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonning Bishkek shahriga yetib bordi. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan muzokara o‘tkazdi. Ular savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishni muhokama qildi.

Mirziyoyev MDH sammitida savdo shartnomalari qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi

Bishkekdagi MDH majlisida qatnashgan Shavkat Mirziyoyev hamdo‘stlik mamlakatlarida cheklovlarsiz erkin savdo hududini shakllantirish uchun shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlarda ham taklif bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tariflarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi

O‘zbekiston prezidenti “O‘zbekgidroenergo” GESlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun 2022-yildan boshlab amalda bo‘lgan tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Tariflar ushbu kompaniyaning investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun yetarli darajada bo‘lishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev MDHning Faxriy nishoni bilan taqdirlandi

MDH davlatlari rahbarlari sammitida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni MDH Faxriy nishoni bilan taqdirladi. Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.

Rossiyaning “Gazpromneft” kompaniyasi O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilashda ko‘maklashadi

“O‘zbekneftgaz” konlarida quduqlarni qurish va undan foydalanish loyihasiga “Gazpromneft” operatorlik qiladi. Kompaniya texnologiyalari, tajribasi quduqlarni qurish vaqtini 20 foizdan ko‘proq muddatga qisqartirishga yordam berishi aytilmoqda. Bu bo‘yicha rus kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” shartnoma imzoladi.

Toshkent metrosida talaba qiz o‘zini rels ustiga tashladi

“Alisher Navoiy” metro bekatida poytaxtdagi OTMlardan birida o‘qiydigan 18 yoshli talaba qiz poyezd yaqinlashib kelayotgan vaqtda o‘zini rels ustiga tashladi. Mashinist poyezdni to‘xtata oldi, IIO xodimlari qizni platforma ustiga olib chiqishdi. Qiz jarohat olmadi.

Farg‘onada 431,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi

Marg‘ilon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga 431,7 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan fuqaro aniqlandi.

“O‘zenergoinspeksiya” 9,15 mln litr sifatsiz benzin sotilishining oldini oldi

To‘qqiz oy davomida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan O‘zbekistondagi xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 9,15 mln litr sifatsiz benzin sotilishining oldi olindi.

O‘zbekiston va Jahon banki karbonat angidrid emissiyasini kamaytirish loyihasini imzoladi

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida 2027-yilga qadar karbonat angidrid emissiyasini 60 mln tonnaga kamaytiruvchi va energiya tariflarini liberallashtirishga yordam beradigan loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi. Mablag‘larning bir qismi kam ta’minlanganlarni energiya narxining oshishidan himoya qilishga sarflanadi.

Toshkentda ayol farzandini kaltakladi

Mirobod tumanida ayol farzandiga qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni kaltakladi. Ayol o‘sha vaqtda yaqinlaridan noxush xabar eshitib, asabiy holatda bo‘lganini aytdi. Tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlandi.

Poytaxtda yana avtobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Yunusobod tumanida 82-sonli yo‘lovchi avtobusi Nexia-3 bilan to‘qnashib, xavfsizlik orolchasiga chiqib ketdi. “Toshshahartransxizmat” YTH asosiy yo‘ldan avtobus yo‘liga o‘tib ketgan yengil avtomobilning xatosi tufayli sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Jarohatlanganlar yo‘q.

O‘zbekistonda 1,5 mingdan ortiq bola zo‘ravonlikka uchrash xavfi ostida qolmoqda

O‘zbekistonda Mehribonlik va “Muruvvat” uylari, tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan 1,5 mingdan ortiq bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi yuqori hisoblanadi. Bundan tashqari, so‘nggi 3 yilda 2072 nafar shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilindi, ularning 86 foizi ota-onalik majburiyatini bajarmagan.

“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maqola:

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Zo‘ravon ota-onadan farzandini olib qo‘yish, bolaga himoya orderi berish va individual himoya rejasini ishlab chiqish, ta’lim muassasalarida bolalar o‘rtasida zo‘rlik qilish va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik — O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash uchun qanday choralar ko‘rish taklif etilyapti? “Gazeta.uz” sharhi.