AQShning “Inter Mayami” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi France Football nashri tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va “Oltin to‘p” sovrini bilan taqdirlandi.
Argentinalik futbolchi uchun bu faoliyati davomidagi sakkizinchi “Oltin to‘p” hisoblanadi va bu natija — mutlaq rekord. So‘nggi bor Leo bu sovrinni 2021-yilda qo‘lga kiritgandi. Messi o‘tgan mavsumda o‘z terma jamoasi safida Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Foto: Reuters
Klub safida esa u sobiq jamoasi “PSJ” bilan Fransiya chempioni bo‘ldi (Messi chempionatning eng yaxshi assistenti deb topildi) va mamlakat superkubogiga ega chiqdi. “Inter Mayami” safida esa klub tarixidagi birinchi sovrin — Ligalar kubogida g‘alaba qozonishga yordam berdi (Leo musobaqaning eng yaxshi to‘purari va futbolchisi bo‘ldi).
Foto: Reuters
Argentinalik futbolchi o‘zining birinchi “Oltin to‘p”ini 2009-yilda yutgan bo‘lib, 14 yil ichida u yana yettita shunday sovringa erishdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Messidan keyingi o‘rinlarni “Manchester Siti”ning norvegiyalik forvardi Erling Xoland, “PSJ”ning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappe, va “Man Siti” yarim himoyachilari Kevin De Bryuyne (belgiyalik) hamda Rodrigo egalladi (ispaniyalik).
Boshqa sovrinlar
Ayollar o‘rtasida yilning eng yaxshi futbolchisi deb “Barselona” yarim himoyachisi Aytana Bonmati topildi.
Foto: Reuters
Kopa sovrini Madridning “Real” klubi futbolchisi Жuд Bellingemga topshirildi. Mazkur sovrin 21 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida yilning eng yaxshi yosh futbolchisiga topshiriladi. Bellingem 2003-yilda tug‘ilgan.
Yilning eng yaxshi darvozaboniga beriladigan Lev Yashin sovrini Argentina bilan jahon chempioni bo‘lgan “Aston Villa” futbolchisi Emiliano Martinesga topshirildi.
Foto: “Oltin to‘p” sovrinining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi
Sokrates sovrini futboldan tashqaridagi faoliyati uchun “Real” klubi futbolchisi Vinisius Juniorga berildi.
Foto: “Oltin to‘p” sovrinining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi
Gerd Myuller nomidagi yilning eng yaxshi to‘purari sovrini “Man Siti” forvardi Erling Xolandga topshirildi.
Foto: “Oltin to‘p” sovrinining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi
Erkaklar o‘rtasida yilning eng yaxshi klubi deb “Manchester Siti” e’tirof etildi.
Foto: “Oltin to‘p” sovrinining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi
Ayollar o‘rtasida esa yilning eng yaxshi klubi sifatida “Barselona” e’tirof etildi.
Foto: “Oltin to‘p” sovrinining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi