Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish qo‘mitasi a’zolari Mavluda Ibragimova va Shuhrat Abduxalilov “Taskin” bolalar hospisi hamda yangi barpo etilayotgan kattalar hospisi qurilish maydonchasida bo‘ldi. Tashrif 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Respublika onkologiya markazi onkologi Yahyo Ziyayev “Gazeta.uz”ga.

Deputat Mavluda Ibragimova “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda nashr tomonidan 8-noyabrda e’lon qilingan “Quruq o‘lim. O‘zbekistonda saratonga chalingan bemorlar qanday vafot etmoqda va nima uchun davlat ularning hayotini qo‘llab-quvvatlashga majbur?” sarlavhali maqola (maqola rus tilida — tahr.) ushbu obyektlarga tashrif buyurishga asos bo‘lganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, hospis va palliativ yordamni tashkil etish prezidentning 2017-yilda qabul qilingan O‘zbekistonda onkologiya xizmatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan. Dastlab Toshkentda kattalar uchun hospis ochilishi 2019-yilga mo‘ljallangan edi, biroq o‘shandan beri bu har yili qoldirilib kelinmoqda. Poytaxtda bunday tibbiy muassasaning tashkil etilishi bemorlarga hospis yordamini ko‘rsatish bo‘yicha milliy tajribaning ommalashuvi uchun ham zarur ahamiyat kasb etadi.

taskin bolalar hospisi, hospis

Foto: Taskin hospisi.

Mavluda Ibragimovaning qayd etishicha, qo‘mita tomonidan qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilish maqsadida yiliga ikki marta ish rejasi ishlab chiqiladi. Biroq Taskin hospisiga va kattalar hospisining qurilish maydonchasiga rejadan tashqari tashrif buyurildi.

“Biz vaziyat bilan tanishib, o‘rganishga qaror qildik. Siz yozgan hamma narsa tasdiqlandi. Men hospislar nima ekanligini va ular qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganib chiqdim. Zangiota-2 haqiqatan ham talablarga javob bermaydi. U epidemiya vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun vaqtincha yaratilgan”, — dedi deputat.

Hospis rahbari Yahyo Ziyayevning aytishicha, onkolog Rustam Norboyev deputatlarga mavjud moliyalashtirish muammolarini tushuntirib berdi.

taskin bolalar hospisi, hospis

Foto: Taskin hospisi.

“Deputatlar mamlakatimizda hospis va palliativ yordamni tashkil etish Qonunchilik palatasi nazoratida bo‘lishiga ishontirishdi, — dedi Yahyo Ziyayev. — Tekshiruv natijalariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi”.

Shu kunning o‘zida qo‘mita a’zolari tomonidan Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga kattalar uchun hospis qurilishi bo‘yicha materiallarni yuborish so‘ralgan rasmiy so‘rov yuborildi, dedi Mavluda Ibragimova.

Foto: Taskin hospisi.Foto: Taskin hospisi.

“Juma kuni biz [vazirlik vakillarini] taklif qilmoqchimiz. Bugun ular materiallar jo‘natishlari kerak edi, lekin hali jo‘natishmadi, — dedi deputat (suhbat 13-noyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan). — Biz bu masalani juma kuni hal qilamiz. Rustamni [Norboyev] ham taklif qilaman. Keling, pul ajratish rejalashtirilganmi yoki yo‘qmi, eshitaylik. Biz Moliya vazirligining javobiga asoslanamiz. Qurilishni imkon qadar yakunlashga harakat qilamiz”.