Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani hokimi o‘rinbosari pedagogika kolleji zimmasiga yuklangan 2024-yilgi gazeta va jurnallar obuna rejasini bajarolmagani uchun muassasa direktorini kaltakladi. Bu haqda “Kun.uz”ga kollej direktori Shuhrat Qosimov ma’lum qildi.

Janjal 14-noyabr kuni Bog‘dod tumani hokimiyati binosida yuzaga kelgan. Tuman hokimining o‘rinbosari boshchiligida ertalab soat 8:00 da obuna masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Direktorning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtgacha mahalliy hokimliklar tomonidan ijtimoiy soha vakillarining deyarli hammasi, ayniqsa maktab, kollej, litsey xodimlari doimiy ravishda majburiy obunaga jalb etib kelingan. U, shuningdek, yiliga 3 oy uchun 5−5,5 mln so‘m obuna pulini to‘lagani, lekin bu safargisi juda oshib tushgani, ya’ni 24 mln so‘mlik plan berishganini aytgan.

majburiy obuna
Bog‘dod tuman hokimiyati obuna uchun qo‘ygan yillik rejaning gazeta va jurnallar taqsimotidagi summalari / Foto: Shuhrat Qosimov.

“Men 5,5 mln so‘mlik qilganimni, lekin 24 mln so‘mlikka ulgurmaganimni aytdim. O‘qituvchilarga bu ishni qildira olmasligimni aytdim. Keyin hokim o‘rinbosari: “o‘qituvchilarga nega qildirmayapsiz, ular ham bittadan to‘lashsa, urinib qolishmaydi, hammasi “premiya” oladi, man “premiya”larini ham tekshirtiraman, bittadan qilishga majbursizlar”, dedi. Men ham bunday qilishga haqqim yo‘qligini aytib turib oldim. Aprel oyida o‘zimda pul bo‘ladi, qolganini mayli qilib beraman deb tushuntirishga urindim”, — dedi kollej direktori.

Uning aytishicha, shundan so‘ng hokim o‘rinbosari kostyumini yechib, direktor oldiga borgan va “siz topshiriqlarni bajarmayapsiz”, degan.

“Nima qilib topshiriqlarni bajarmayapman deyishimni bilaman, o‘ng tomon yuzim, jag‘imga musht kelib tushdi. Yiqilib, hushimdan ketdim. Keyin shu vaqtda oldimga xodimlar kelib, kotibaning xonasiga olib tushib qo‘yishgan ekan. Boshim aylanib, ko‘nglim aynib qolgandi. 4−5 daqiqa tinch o‘tirgach, hokimning oldiga tushdim. Bo‘lgan voqeani aytib berdim, lekin befarq bo‘lishdi”, — dedi Shuhrat Qosimov.

Zarbadan so‘ng o‘sha kuni Qosimovning ahvoli og‘irlashgan, qon bosimi ko‘tarilib, o‘zini yomon his qilgan. Tez yordam chaqirilgach, unga gipertoniya tashxisi qo‘yilib, dastlabki muolajalar qilingan. Shundan keyin shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni vaqtda kollej direktori shifoxonada davolanmoqda. Shifokorlarga ko‘ra, direktorning miyasida chayqalish va o‘ng jag‘ qismida shikastlanish bo‘lgan. Surishtiruv davomida majlisda bevosita ishtirok etgan va janjalga guvoh bo‘lgan xodimlar hokim o‘rinbosarining kollej direktorini urganini tasdiqlashgan.

Vazirlik munosabati

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat bo‘yicha munosabat bildirarkan, buni professional ta’lim tizimiga mas’ul sifatida tashvishli deb baholadi va keskin qoraladi. Vazirlik hokim o‘rinbosarining xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi va bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rilishi kerak deb hisoblaydi.

“Vazirlik gazeta va jurnallarga majburiy obuna tashkil etilishiga mutlaqo qarshi bo‘lib, bunday holatlarga qarshi kurash, oldini olish maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalarida doimiy tushuntirish ishlari olib boradi. Agar ta’lim muassasalarida gazeta-jurnallarga majburiy obuna holatlari aniqlansa, qonun doirasida zarur choralar ko‘rilishi haqida ham ogohlantirilgan”, — deyiladi bayonotda.

Vazirlik, shuningdek, ta’lim muassasalari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, muassasaga mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida istagan va zarur deb hisoblagan bosma nashrlarga ixtiyoriy ravishda obuna bo‘lishlari mumkinligini bildirdi. Bunda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va o‘quvchi-talabalarni majburiy obuna qildirish qat’iy taqiqlanadi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda.