21-noyabr kuni “Ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-198-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, qandolatchilik korxonalariga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 2 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:

  • eksport hajmi 500 ming AQSh dollarigacha bo‘lganda — 1 million AQSh dollarigacha;
  • eksport hajmi 500 ming AQSh dollaridan 4 million AQSh dollarigacha bo‘lganda — 2 million AQSh dollarigacha;
  • eksport hajmi 4 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda — 3 million AQSh dollarigacha.

2025-yil 1-yanvargacha:

  • keng turdagi qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi;
  • ip-kalava ishlab chiqaruvchilarga paxta va sun’iy tolani o‘z ehtiyoji uchun import qilishda (qo‘shni davlatlardan tashqari) transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Shuningdek, farmon bilan ayrim normativ huquqiy hujjarlarga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

  • 2024-yil 31-dekabrgacha ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘imning amaldagi miqdori 5 baravarga kamaytiriladi;
  • 2024-yil 31-dekabrgacha bo‘yalgan mato va bo‘yalgan gazlamani realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotish ulushi kamida 50 foizni tashkil qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash hamda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi;
  • 2026-yil 1-oktabrgacha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim tovarlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi;
  • sanoat zonalarida yer maydonlari hamda bino va inshootlarni ijaraga berishda to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash davri amaldagi 12 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.