Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasidan kechki vaqtda ham foydalanish maqsadida Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi xarajatlari uchun qo‘shimcha 1,2 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasining 21-noyabrda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharafiddin Nazarov ma’lum qildi.

20-oktabrdan Toshkent shahridagi Milliy kutubxona tunu kun ishlash rejimini to‘xtatgandi. Ma’muriyatning “Gazeta.uz"ga bildirishicha, qaror kuz-qish mavsumida elektrni tejash, tunda ishlash uchun qo‘shimcha shtatlar ajratilmagani, shuningdek, foydalanuvchilarni nazorat qilish imkoni cheklangani uchun qabul qilingan.

“Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi sarfini birmuncha iqtisod qilish va kichik xizmat ko‘rsatish personalida (farroshlar) mavjud vakant ish o‘rinlarini to‘ldirish, kuz-qish mavsumida binodagi garderob faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud emasligini e’tiborga olib, Milliy kutubxona tungi smenada faoliyat olib borishni mavsumiy (vaqtincha) to‘xtatib, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 08:00 dan 21:00 gacha etib belgiladi”, — deyilgandi xabarda.

Quyi palata yig‘ilishida ta’kidlanishicha, bu masalaga deputat Doniyor G‘aniyev e’tibor qaratgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, kutubxona 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi.

Muassasa takliflarga ko‘ra 2022-yilning 1-noyabridan tunu kun ishlay boshlagandi.