Sog‘liqni saqlash vazirligi tarmoqlarda tarqalgan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l hududida homilador ayol shifoxonada vafot etgani aytilgan videomurojaat yuzasidan munosabat bildirdi.

Videolavhada vafot etgan ayolning turmush o‘rtog‘i tibbiyot xodimlari ustidan shikoyat qilib, ayoliga yetarlicha e’tibor berilmagani, hech bo‘lmasa, homilani saqlab qolish imkoni bo‘la turib (homila tug‘ilmay nobud bo‘lgan), zaruriy ishlar qilinmaganini aytgan va tegishli chora ko‘rilishini so‘ragan.

SSVning ma’lum qilishicha, 1997-yilda tug‘ilgan homilador ayol M.Q. Yangiyo‘l shahridagi tug‘uruq muassasasiga shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi yo‘llanmasi bilan murojaat yo‘llagan. U 14-noyabr kuni homiladorlik-2, 31−32 hafta, muddatidan avvalgi tug‘uruq xavfi tashxisi bilan qabul qilingan.

Markazda bemor zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, davo choralari olib borilgan. O‘sha kuni kechqurun ayolda ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatilgan.

“Bemor bu holatni somsa va salat yeyishi bilan bog‘lagan. Infeksionist va xirurg ko‘riklari tashkil etilib, oshqozon-ichak faoliyati buzilishi qayd qilingan. UTT tekshiruvida bachadon normotonusda, jigar va o‘t pufagi faoliyati normal ekani tashxislangan. Shundan so‘ng homilador ayol undan xabar olgani kelgan turmush o‘rtog‘i bilan uchrashgan. Palataga qaytgandan so‘ng kutilmaganda ayolning ahvoli og‘irlashib, hushidan ketgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion shoshilinch tibbiy yordam choralariga qaramay, bemorda biologik o‘lim holati yuz bergan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Sud tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko‘ra, ayolda homiladorlikka aloqador bo‘lmagan neyrofibromatoz xastaligi asoratlari oqibatida taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi to‘satdan o‘lim holatiga olib kelgan.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar surishtiruv olib bormoqda.