Britaniyaning The Guardian nashri, Stokgolm atrof-muhit instituti, Oxfam xayriya tashkilotlari xalqaro assotsiatsiyasi va alohida ekspertlar global iqlim tengsizligi bo‘yicha tadqiqotni e’lon qildi.

“O‘ta boylar sayyorani talon-taroj qilishmoqda va uni vayron qilish darajasiga qadar ifloslantirmoqda. Eng katta badalni esa eng kam ta’minlanganlar to‘lamoqda”, deydi Chiara Liguori, Oxfam`ning iqlim siyosati bo‘yicha katta maslahatchisi. Iqlim va tengsizlik inqirozlari “bir-birini to‘ldiradi”, deydi u.

Hisobotning asosiy xulosalari:

  • Dunyo aholisining eng badavlat 1 foizi yoki 77 million kishiga (milliarderlar, millionerlar va yiliga 140 000 AQSh dollaridan ko‘proq pul ishlatadiganlar) 2019-yilda umumiy chiqarilgan karbonat angidrid (CO2) chiqindilarining 16 foizidan ortig‘i to‘g‘ri kelgan. Aholining eng kambag‘al 66 foizi kamroq emissiya ajratgan.
  • 2019-yilda eng boy odamlarning umumiy qoldirgan uglerod izi 5,9 milliard tonna karbonat angidridni tashkil etdi.
  • Uglerodli o‘lim formulasiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har bir million tonna uglerod gazi 226 kishi o‘limiga olib keladi. Aholining bor-yo‘g‘i 1 foizidan chiqadigan gaz chiqindilari haddan tashqari issiqlik va boshqa iqlim ta’siri sabab keyingi o‘n yilliklarda 1,3 million odamni o‘ldirish uchun yetarli bo‘ladi.
  • Superyaxtalar va xususiy samolyotlar qoldirgan 0,1 foiz uglerod izi miqdori sayyoradagi haroratni Parij kelishuvida belgilangan sanoatgacha bo‘lgan davr darajasiga tushirish uchun kamaytirilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichdan 77 baravarga yuqori.
  • 2019-yilda yuqori daromadli mamlakatlar karbonat angidrid emissiyasining 40 foizini, паст daromadli mamlakatlar esa atigi 0,4 foizini tashkil qilgan. Sayyoradagi deyarli har olti kishidan biri istiqomat qiluvchi Afrika atmosferaga chiqindilarning atigi 4 foizini chiqaradi.
  • Agar eng boy 1 foiz aholining daromadiga 60 foizlik soliq solinsa, Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga 6,4 trillion dollar foyda keltiradi va karbonat angidrid emissiyasini 695 million tonnaga kamaytiradi.

Uglerod izi — bu jismoniy shaxs, tashkilot, hodisa yoki mahsulot tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ishlab chiqarilgan barcha issiqxona gazlari chiqindilarining yig‘indisidir.