25-noyabr kuni Toshkentdagi Humo Arena majmuasida qozog‘istonlik xonanda Jah Khalib konsertiga kirish uchun tiqilinch yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda majmuaga kiraverishda minglab odamlar yig‘ilgani aks etgan video tarqaldi. Ularning birida Milliy gvardiya xodimlari konsertga kelganlardan birini olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xabariga ko‘ra, hududga kirish joylarida tartibsizlik holatlari yuz bergan.

“Jamoat tartibini buzganlikda gumonlangan fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilib, yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldi olingan… Hozirda barcha fuqarolar voqea joyidan tarqatilgan. Tan jarohati olganlar yo‘q”, — deyiladi boshqarmaning 26-noyabrga o‘tar kechasi e’lon qilingan birinchi xabarida.

Keyinroq boshqarma fuqarolar tomonidan konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olinganini bildirdi. Tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR kodi orqali tekshirilib kiritilgan.

“[Saroydagi] o‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida mingdan ortiq fuqaro qolib ketib, kirish istagini bildirgan va ushbu harakatlari bilan sun’iy tirbandlikni sodir etgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilganlik holati aniqlangan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday chiptalarga ega bo‘lgan fuqarolar nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.

jah khalib, тошкент, ҳумо арена

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, mazkur fuqarolar taqdim etgan elektron chiptalar tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritganliklari ma’lum bo‘lgan. IIO xodimlari tomonidan ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotganliklari aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu kabi noqonuniy ishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi, deya qayd etdi Milliy gvardiya boshqarmasi.

“Ushbu holatlar nafaqat konsert dasturlarida, balki futbol o‘yinlariga kirish uchun sotilayotgan elektron chiptalarda ham kuzatilishi mumkin. Sizlardan va siz orqali yaqinlaringizdan elektron chiptalarni faqatgina rasmiy saytlar hamda chipta sotiladigan maxsus joylardan xarid qilishlaringizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi huquqni muhofaza qiluvchi organ xabarida.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Milliy gvardiya, IIV, Raqamli texnologiyalar vazirligi va ITICKET INGURUZ MCHJ mutasaddilari tomonidan aniq chora-tadbirlar muhokama qilinadi.