Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, respublikada sug‘oriladigan yerlarining qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangani, 69 foizga yaqin tuproq ustki qatlamida gumus miqdori bor-yo‘g‘i 0,5−1 foizni tashkil etgani, 600 ming gektar yaylov yerlari turli darajada degradatsiyaga uchraganini ko‘rsatmoqda.

Qonunda:

  • Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish doir asosiy tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib berilmoqda, qolaversa sohaning asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda;
  • yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish obyekti etib belgilanmoqda;
  • tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish tadbirlari doirasi ko‘rsatilmoqda;
  • shaharsozlik faoliyatini yoki qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ishlarni amalga oshirish chog‘ida tuproqni muhofaza qilishga va undan oqilona foydalanishga doir talablar mustahkamlanmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi va Tabiat resurslari vazirliklari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatilmoqda;
  • tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda;
  • tuproqning unumdor qatlamini saqlash va yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning holati va sifatini baholash normalari, tuproqni o‘rganish, tuproq xaritalari, tuproqqa oid ma’lumotlar fondi, tuproq monitoringi, shuningdek, tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga doir masalalar ochib berilmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish huquqi belgilanmoqda.

Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligining pasayish jarayonlariga barham berilishi hamda tuproq unumdorligini tiklash hisobiga mahsulot yetishtirish hajmining ortishi va toza tuproqda sifatli hamda xavfsiz mahsulot yetishtirish imkoniyati kengayishini ta’kidladilar.

“Mamlakatimizda bu muammo dolzarb bo‘lib bormoqda. Yuqorida hamkasblarimiz ham ta’kidlab o‘tdilar: oxirgi o‘ttiz yilda tuproq unumdorligida faqat pasayish kuzatilmoqda (1991-yil — 58 ball, 2001-yil — 55 ball, 2011-yil — 53,9 ball, 2021-yil — 53,7 ball). Sug‘oriladigan yerlarimizning yarmidan ko‘pi — 53 foizi sho‘rlangan. Oqibatda keyingi yillarda hududlarimizda qurg‘oqchilik, qum va chang bo‘ronlari (hatto poytaxtda ham) tez-tez kuzatilmoqda. Bu hol hosildorlikka, biologik xilma-xillikka va eng muhimi aholi salomatligiga salbiy ta’sir qilmoqda”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

“Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur qonun mamlakatimizda tuproq muhofazasi va uning unumdorligini oshirishda mustahakam huquqiy poydevor vazifasini bajaradi”, — dedi u.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.