25-noyabr kuni Humo Arena majmuasida bo‘lib o‘tadigan qozog‘istonlik qo‘shiqchi Jah Khalib`ning konsertiga rasmiy manbadan yoki iTicket.uz kassasidan chipta sotib olib, tadbirga kira olmagan har bir kishiga pul qaytariladi. Bu haqda iTicket.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni konsert boshlanishidan avval muxlislar zonasiga kiraverishda tiqilinch yuzaga kelgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda kiraverishda minglab odamlar to‘planib qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

Kompaniya tartibsizliklarga konsert uchun soxta chiptalarni rasmiy iticket.uz platformasi orqali emas, balki uchinchi tomon saytlarida xarid qilgan ko‘plab odamlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

“Chayqovchilar tomonidan sotilgan yuzlab qalbaki chiptalar aniqlandi. Bunda, atigi bitta QR kod yordamida tadbirga kirishga 115 ta urinish amalga oshirildi”, — deyiladi xabarda.

Dasturiy nazorat tizimi tufayli qalbaki chipta sotib olganlar tadbirga kira olmadi. Biroq, ular yaratgan tartibsizliklar natijasida qo‘llarida haqiqiy chiptalari bo‘lgan odamlar ham konsertga kira olmadi, deya ta’kidladi kompaniya.

Qalbaki chiptalar va ularni sotib olgan shaxslarga oid ma’lumotlar aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish uchun poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yuborildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, o‘z navbatida, tergov boshqarmasi tomonidan fuqarolarga qalbaki chiptalarni sotilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, ularni sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Kompaniyaning eslatishicha, iTicket.uz konsertlar tashkilotchisi emas va faqat chiptalarning amal qilish muddati va xaridorlarning mablag‘lari uchun javobgardir.

“Sizdan chiptalarni faqat veb-sayt yoki iTicket.uz kassasidan yoki tadbir tashkilotchilaridan xarid qilishingizni so‘raymiz. Chiptalarni qayta yoki boshqa har qanday shaklda sotish qonun bilan taqiqlangan”, — deb eslaydi kompaniya.