Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ekologik holatni yanada yaxshilashga qaratilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Majlisda qayd etilishicha, qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishining oldini olish maqsadida tabiatga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash va to‘xtatib qo‘yish mezonlarini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan esa qonun hujjatlariga atrof tabiiy muhitni normativdan ortiq darajada ifloslantiruvchi korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlar faoliyatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklashni hamda to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda ekologik holatni yanada yaxshilash, aholining hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek vakolatli davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi mas’uliyatini oshirish imkonini beradi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilindi.