Dushanba kuni ertalab Urganch shahri havosi “go‘yo bulut qoplab olgandek” juda nam edi. Nukuslik fotograf Azamat Matkarimov 4-dekabr kuni Xorazmdagi tumanni shunday tasvirladi. Ko‘rish masofasi 80 metrgacha yetdi, deb xabar qildi “O‘zgidromet” matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.
O‘zbekistonda tumanlar asosan yilning sovuq davrida — noyabrdan aprelgacha kuzatiladi. Dekabr va yanvar oylarida tuman tushishi ko‘p ro‘y beradi.
Urganchda noyabrdan martgacha tuman kuzatiladi. Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, dekabrda o‘rtacha 4 kun, yanvarda 5 kun tumanli o‘tadi. Ba’zi yillarda bu oylarda tumanli kunlar soni 6−12 kunga yetadi.
Tuman ko‘pincha sovuq havoning iliq tuproqqa tushganida va aksincha hollarda paydo bo‘ladi. 3−4-dekabr kunlari aynan shunday holat Urganchda kuzatildi: noyabr oyi oxirida ro‘y bergan keskin sovuqdan so‘ng O‘zbekiston hududiga iliq havo kirib kela boshladi.
Kecha Uzbekistan Airports matbuot xizmati Urganch aeroportidan Toshkentga uchadigan reyslar ob-havo tufayli kechiktirilganini ma’lum qildi. Biroq soat 10:00 ga kelib, tuman tarqaldi va ikkala samolyot ham poytaxtga yo‘l oldi.
Peshin vaqtida havo harorati 10 darajadan yuqorilab, quyosh chiqdi.