Haftaning birinchi yarmida qor va sovuq ob-havo olib kelgan sovuq antitsiklon O‘zbekiston hududidan tez chekinmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Respublika hududining katta qismida harorat kechalari 0…−5 daraja sovuqqacha kuchsizlashadi, juma kuni kunduzi esa havo +4…+9 daraja iliqqacha isiydi. Respublikaning shimolida ham havo iliqlashadi, ammo kunduz kuni hali ham harorat −3…−8 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.

Juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarida kechga tomon ba’zi joylarda asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Shanba kuni janubiy hududlardan nam havo massasi respublikaning markaziy hududlariga tarqaladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yomg‘ir va qor ko‘rinishida biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi. Kunduzgi havo harorati 0…+5 daraja iliqqacha biroz pasayadi.

Tog‘li hududlarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.

17-dekabr — yakshanba kuni respublikning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi harorat 0…−5 daraja sovuq, shimolda −5…−10 daraja sovuq, kunduzi +2…+7 iliq bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Ayrim joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Poytaxtda juma va yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, shanba kuni vaqti-vaqti bilan biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat 15-dekabrda +6…+8 daraja iliq, 16−17-dekabrda kechasi −3…+2, 16-dekabrda kunduzi 0…+2 daraja, 17-dekabrda +3…+5 daraja bo‘ladi.