Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Unda, shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston prezidentlari va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashdi.

мдҳ саммити, шавкат мирзиёев

Uchrashuvda 2023-yil sarhisobi va kelgusi vazifalar ko‘rib chiqildi. MDH doirasida munosabatlarni rivojlantirish va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston hamdo‘stlik doirasida 20 dan ortiq tarmoq bo‘yicha hamkorlik organlariga hamda ustuvor soha va tarmoqlar bo‘yicha 24 ta muhim bitimga qo‘shildi. MDH mamlakatlari kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi va deyarli barcha tarmoqlarni qamrab olgan.

мдҳ саммити, шавкат мирзиёев

Mirziyoyev MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirish va hamkorlikning amaldagi institutsional mexanizmlari samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.

Kelasi yili MDHga raislik Qirg‘izistondan Rossiyaga o‘tadi. Rossiya “MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga katta e’tibor qaratgan holda”, “uzluksizlik ruhida ko‘p qirrali integratsiya faoliyatini davom ettirishni” rejalashtirmoqda, — dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda.

“Biz hamdo‘stlik bo‘yicha hamkorlarimiz bilan o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarga faolroq o‘tish tarafdori bo‘lgan hamkorlikni davom ettiramiz. Ishonchimiz komilki, bu davlatlarimizning iqtisodiy va moliyaviy suverenitetini yanada ishonchli ta’minlash imkonini beradi”, — dedi u.

“Biz konstruktiv tarzda umumiy Yevroosiyo mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatlar, narkotrafik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga harakat qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.

U “ko‘p asrlik umumiy tarixga, madaniyatlarning chuqur o‘zaro bog‘lanishiga asoslangan” madaniy-gumanitar hamkorlikning muhimligini ta’kidlab, 2023-yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti Sankt-Peterburg bo‘lganini, kelgusi yilda esa Samarqand bo‘lishini eslatdi.

“Rossiya raisligi xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin aloqalarni saqlash va mustahkamlash, butun MDH hududida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishni asosiy vazifa deb biladi. Va shu nuqtai nazardan biz yaqindan hamkorlik qilishga qaror qildik”, — dedi Vladimir Putin.

Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Unda 5−7-oktabr kunlari Rossiyaga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif yakunida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

мдҳ саммити, шавкат мирзиёев

Prezidentlar tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atini saqlab qolish hamda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida yaqin idoralararo muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni, jumladan, ikki mamlakat hududlari darajasida ta’minlash muhimligini qayd etdi, shuningdek, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.