Rossiyalik shaxmatchi Anastasiya Bodnaruk 26−28-dekabr kunlari Samarqand shahrida rapid (tezkor shaxmat) bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Anastasiya Bodnaruk va Xampi Koneru. Foto: Husniddin Ato / PressPhotoUz
Yakuniy 11-tur natijalariga ko‘ra, Bodnaruk, shuningdek, Xampi Koneru (Hindiston) va Ley Tinsze (Xitoy) 8,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvali yuqorisida joylashdi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Bodnaruk va Koneru birinchi o‘rin uchun tay-breyk o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi, xitoylik shaxmatchi esa bronza medali bilan cheklandi.
Tay-breyk bahslarida Rossiya vakilasi raqibini 2,5−1,5 hisobida mag‘lub etdi.
Rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatida rossiyalik sportchilar Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) bayrog‘i ostida qatnashmoqda.
Afruza Hamdamova. Foto: Husniddin Ato / PressPhotoUz
O‘zbekiston vakilalari orasida eng yaxshi natijani yaqinda 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan Afruza Hamdamova ko‘rsatdi. U 6,5 ochko jamg‘arib, 117 nafar shaxmatchi orasida 34-o‘rinni egalladi.
Umida Omonova 5,5 ball bilan 57-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik boshqa 11 nafar sportchi esa turnir jadvalining quyi qismida joylashgan.
Rapid chempionatining ochiq turnirida norvegiyalik Magnus Karlsen chempionlik unvonini saqlab qoldi.
29−30-dekabr kunlari Samarqand shahrida blits bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.