10-yanvar kuni prezidentning “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PQ-14-sonli] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024−2025-yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  • farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yig‘ma parametrlari;
  • Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Ushbu klaster hududida “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etilib, unga qo‘shimcha 60 gektar yer maydoni ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, shuningdek:

  • har yili 1-dekabrgacha tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj shakllantiriladi va internet saytida joylashtiriladi;
  • 2024-yil 1-martdan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin bo‘lgan tizim joriy qilinadi;
  • 2025-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.

2024-yil yakunigacha hududiy tibbiyot tashkilotlarining omborlari “Zarur saqlash amaliyoti — (GSP)” talablari asosida tashkil etiladi va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.