30-yanvar kuni Qatarda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatining nimchorak finalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Tailandga qarshi uchrashuvda 2:1 hisobni qayd etib, chorak finalga chiqdi.
O‘yin “Al-Janub” stadionida bo‘lib, uni malayziyalik Muhammad Nazmi bin Nasaruddin bosh hakam sifatida boshqardi. Uchrashuv davomida havfli vaziyatlar ko‘p bo‘ldi, 37-daqiqada Diyor Xolmatov uzatgan to‘pni Aziz Turg‘unboyev darvozaga kiritib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limning 58-daqiqasida zaxiradan o‘yinga tushgan tailandlik Sarachat Supachok hisobni tenglashtirdi — 1:1. Oradan 7 daqiqa o‘tib, Abbosbek Fayzullayev raqib darvozasiga gol kiritdi va O‘zbekiston jamoasini 2:1 hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yinning asosiy qismida boshqa aniq o‘zgarish bo‘lmadi. Bosh hakam 7 daqiqa qo‘shimcha vaqt berdi. Yakunda milliy terma jamoa 2:1 natija bilan Tailand futbolchilari ustidan g‘alaba qozondi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi chorak final o‘yinini 3-fevral kuni musobaqa mezboni — Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi (Qatar ¼ finalga Falastinni 2:1 hisobida yengib, chiqdi).
Milliy terma jamoa guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunlagandi — Hindiston ustidan g‘alaba, Suriya va Avstraliya bilan durang.