2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yengil avtomobillar importini 73 204 donaga yetkazdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Prezident huzuridagi Statistika agentligi xabar berdi.
Bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan (30 388) 2,4 barobar ko‘p. Avvalgi yillarda avtomobillar importi sekinroq sur’atlarda o‘sgan: 2022-yilda — 12,7 foizga, 2021-yilda — 5,2 foizga.
Import hajmi qariyb 1,8 milliard dollarga yetdi, bu 2021-yilga (588,2 million dollar) nisbatan 2,9 barobar ko‘p hisoblanadi.
Umumiy importning 79,3 foizi (58 078 ta avtomobil) Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mamlakatning ulushi oldingi yillarga nisbatan keskin oshdi: 2021-yil — 32,8 foiz, 2022-yil — 36,9 foiz.
Janubiy Koreya, AQSh, Germaniya va Yaponiyadan avtomobillar importi ham ortib bormoqda, biroq ularning umumiy hajmdagi ulushi kamaymoqda.
Bundan tashqari, Hindiston 2023-yilda asosiy yetkazib beruvchilar qatoriga kirdi. O‘tgan yillarda kuchli beshlikdan joy olgan Rossiya va Qozog‘iston esa “boshqa davlatlar” toifasigacha tushdi.
2021−2023-yillarda avtomobil importi
№ | Mamlakat/yil | 2021 | 2022 | 2023 |
1 | Xitoy | 8880 | 11 159 | 58 076 |
2 | Koreya | 6472 | 9414 | 11 481 |
3 | Rossiya | 4539 | 1499 | |
4 | Qozog‘iston | 4470 | 7208 | |
5 | Polsha | 1204 | ||
6 | AQSh | 490 | 555 | 2210 |
7 | Litva | 428 | ||
8 | Tailand | 250 | ||
9 | Germaniya | 115 | 125 | 228 |
10 | Yaponiya | 97 | 157 | 419 |
11 | BAA | 128 | 64 | |
12 | Gonkong | 454 | ||
13 | Hindiston | 65 | ||
14 | Buyuk Britaniya | 49 | ||
15 | Boshqa davlatlar | 122 | 143 | 158 |
Jami | 27 067 | 30 388 | 73 204 | |
Summa | 588,2 million dollar | 1,7 milliard dollar |
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar savdosi 10 barobar oshgan, 2023-yilda avtomobil importining 35 foizini elektromobillar va gibrid avtomobillar tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-yanvardan boshlab yangi import qilingan avtomobillarni nafaqat korxonalarning rasmiy dilerlariga, balki boshqa import qiluvchilarga ham sotishga ruxsat berilgan. Shundan so‘ng turli kompaniyalar va jismoniy shaxslar avtomobillarni xorijdan — asosan Xitoydan olib kelishni boshlagan.
Masalan, reklama saytlarida fuqarolarga 1,5 litr dvigatelli Chevrolet Monza avtomashinasini O‘zbekistonga 17−19 ming dollarga (bojxona to‘lovlari va yetkazib berishni hisobga olgan holda) 15−20 kun ichida yetkazib berish taklif qilinmoqda. Xuddi shunday takliflar elektromobillar uchun ham paydo bo‘ldi.
O‘tgan yil oxirida hukumat avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini kuchaytirishni muhokama qila boshlagandi. 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijorat maqsadlarida avtomobil olib kirishni taqiqlash rejalashtirilgan edi. Bundan tashqari, yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibiga qaytish taklif etilgan. Ushbu normalar hali qabul qilingani yo‘q.