O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki nafar futbolchisi Osiyo Kubogidagi ishtirokidan so‘ng yangi klublarga ko‘chib o‘tdi, deb xabar berdi Professional futbol ligasi (PFL) matbuot xizmati.
BAAning “Al-Vahda” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Xojimat Erkinov bilan 2025-yilgacha shartnoma imzoladi.
22 yoshli yarim himoyachi 2022-yildan buyon Rossiyaning “Torpedo” klubi a’zosi bo‘lib, o‘tgan yili ijara asosida “Paxtakor"ga qaytgandi. Endi Toshkent klubi tarbiyalanuvchisi “Al-Vahda” safida 15-raqam ostida to‘p suradi.
23 yoshli yarim himoyachi Oston O‘runov faoliyatini Eronda davom ettiradi. U mamlakatning amaldagi chempioni “Persepolis” bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi.
U avvalroq Namanganning “Navbahor”, Toshkentning “Lokomotiv”, Rossiyaning “Ufa”, “Spartak”, “Ural” klublarida to‘p surgan. 2023-yilning fevralida u “Navbahor"ga erkin agent sifatida qaytgan va shu yilning so‘nggigacha shartnoma imzolagandi.
2023-yilgi mavsumda u klub safida 35 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol urgan. Shartnomasi yakunlangach esa, klubni tark etgan.
E’tiborlisi, JCH-2026 saralashi doirasida Eronga qarshi kechgan o‘yinda O‘runov gol va golli uzatma amalga oshirib, oldinroq ikki gol o‘tkazib yuborgan o‘zbekistonliklarga durang natija (2:2) qayd etish imkonini bergandi.