“Soxta motivator va psixologlar faoliyatini tartibga solish kerak” — deputatlar
Qonunchilik palatasi deputatlari — Shahnoza Xolmaxmatova va Gulruh Agzamova “soxta psixologlar” ko‘payib qolgani, ularga qarshi kurashish zarurligini ta’kidlab, bunday trenerlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan hujjatlarni ishlab chiqish kerakligini bildirdi.
Toshkent prokuraturasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga kirishdi. Prokuror murojaati
2023-yilda Toshkent shahrida YTHlar oqibatida 95 kishi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari — bolalar. 1248 kishi (235 bola) jarohat oldi, xususan, 10 nafari umrbod nogiron bo‘lib qoldi. Poytaxt prokurori fuqarolarga murojaatida shaharda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayanchli vaziyat haqida gapirdi.
Poytaxt havosi ifloslanishida mazutning zarracha “aybi” yo‘q — Energetika vazirligi
Energetika vazirligi issiqlik stansiyalari va issiqlik markazlari mazutdan foydalanishining Toshkentdagi havo ifloslanishi bilan bog‘liqligini rad etdi. Vazirlik Toshkent IESda (ToshGRES) belgilangan texnik ko‘rsatkichlarga mos keladigan filtrlar o‘rnatilganini ma’lum qildi.
Toshkent ikkilamchi uy bozorida narxlar 1 kv. m uchun 1200 dollardan oshdi, yer narxi esa sotixiga 362 mln so‘mni tashkil etdi
Toshkentda ikkilamchi uy bozorida o‘rtacha narx yil davomida 29,8 foizga o‘sib, 1 kv. m uchun 1212 dollarni tashkil etdi, deb xabar berdi MB. Poytaxtda 1 sotix yer narxi 362 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Ko‘chmas mulk va ijara narxlari o‘rtasidagi farq tufayli uy-joyning o‘zini oqlash muddati 8,2 yilga yetdi.
Pedagoglar kasbiy sertifikat olish uchun my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ldi
Pedagoglar kasbiy sertifikat nazorat sinovida qatnashish uchun davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YAIDXP (my.gov.uz)da to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ldi. Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.
Dars qoldirgan maktab o‘quvchilarining ota-onalariga ogohlantirish xati yuborilmoqda
Maktab darslariga sababsiz qatnashmayotgan bolalarning ota-onalariga ogohlantirish xatlari yuborilmoqda, unda ota-onalar farzandlarining ta’lim olishida javobgar ekani eslatilgan. Ta’lim vazirligi bunday choralarning mohiyatini tushuntirdi.
DXX to‘rtta viloyatda pora olishda gumonlanayotgan mansabdorlarni ushladi
DXX Sirdaryoda Milliy gvardiya bo‘limi bosh inspektori, Qashqadaryoda “Hududiy elektr tarmoqlari” bosh muhandisi, Jizzaxda “Toza hudud” bosh hisobchisi, Navoiyda esa Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyasini fuqarolardan vakolatidan foydalanib, pul olgan vaqtida ushladi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi narxini 15 foizga pasaytirmoqchi
“O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodirjon Sidiqov kompaniya bir hafta ichida hisob-kitoblar qilib, dizel yonilg‘isining birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15 foizga kamaytirish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Shuningdek, yonilg‘i o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash uchun yangicha tartib o‘rnatiladi.
Ozarbayjon va Armaniston bir-birini chegarada o‘q uzganlikda aybladi
Ozarbayjon va Armaniston bir-birini chegara hududini o‘qqa tutishda aybladi. Bokuda bir kishi yaralangani xabar qilindi. Yerevan to‘rt arman askari halok bo‘lganini bildirdi. Bu Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harbiy amaliyotidan buyon ikki davlat o‘rtasida yuz bergan eng jiddiy chegara to‘qnashuvi hisoblanadi.
Toshkentdagi maktabdan hushsiz holda topilgan 3-sinf o‘quvchisi vafot etdi
Shanba kuni Yunusobod tumanidagi 259-maktabning futbol maydoni oldidan hushsiz holda topilgan 3-sinf o‘quvchisi shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Batirbek Kaipbergenov Qoraqalpog‘iston oliy ta’lim vaziri bo‘ldi
TATUning Nukus filiali direktori sifatida ishlab kelgan Batirbek Kaipbergenov Qoraqalpog‘iston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlandi. U mashhur yozuvchi Tulepbergen Kaipbergenovning o‘g‘li hisoblanadi.
O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining ofisi ochildi
O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining ofisi ochildi. U yangi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida joylashgan. IUCN bosh direktori Gretel Agilar ofis va universitetning ochilish marosimida ishtirok etdi.
O‘zbekistondagi axborot tizimlariga bir haftada 32 mingdan ortiq kibertahdid sodir etildi
Bir hafta davomida O‘zbekistondagi axborot tizimlariga 32 156 ta kibertahdid uyushtirilgani aniqlandi. Ulardan eng ko‘pi hukumatga tegishli axborot tizimlariga nisbatan uyushtirilgan bo‘lib, jami ko‘rsatkichning 52,7 foizini tashkil etadi.
Namangandagi Norin daryosi ustiga 482 metrli ko‘prik quriladi
Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini Namangan viloyati markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va Norin daryosi ustiga ko‘prik quriladi, mazkur loyihalarning umumiy uzunligi 17,5 kilometrni tashkil etadi. Ko‘prikning qiymati 53,6 mlrd so‘m bo‘lib, uning uzunligi 482 metr bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatdagi suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi
Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. 15 yil davomida o‘rganilgan ko‘l Ramsar konvensiyasiga kiritilgan beshinchi tabiiy obyekt bo‘ldi.
O‘zbekistonda endi ayollar ham avtobus va yuk mashinasini haydashi mumkin
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan ayollarga avtobus va yuk avtomobillarini boshqarishga ruxsat etildi. Qayd etilishicha, zamonaviy avtotransport vositalarining texnik xususiyatlari ayollarga ushbu sohalarda qulay va sog‘liqlariga zararsiz mehnat faoliyatini olib borish imkonini beradi.
227−1 modda bo‘yicha qo‘llangan jarimalar miqdorining 98 foizi hisobdan chiqariladi — SSP raisi
Savdo-sanoat palatasi raisi 227−1 modda bo‘yicha tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorining 98 foizi hisobdan chiqarilishini ma’lum qildi. Avvalroq palata bu modda bo‘yicha 400 mlrd so‘mlik jarimani hisobdan chiqarishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini ishlab chiqqani xabar qilingandi.
Deputatlar qoidabuzarlik jarimasi avtomobil egasiga emas, uni boshqargan shaxsga jo‘natilishi haqidagi qonun loyihasini rad etdi. Tafsilotlar
Yo‘l qoidalari buzilganda, avtomobilning egasi emas, uni boshqargan shaxs (ijaraga berilgan shaxslar, yaqin qarindoshlar va boshqalar) javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan rad etildi. O‘zgartirish korrupsiyaga yo‘l ochib berishi ta’kidlandi. Qonun muhokamasi tafsiloti.
O‘zbekiston fuqarolari Ozarbayjonda 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tmay yurishi mumkin
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida tuzilgan bayonnomaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqarolar mamlakatga kirish/chiqish, tranzit o‘tish va 15 kun muddatga o‘zlari bo‘lib turgan davlatda ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etildi. Mazkur qoida yanvar oyidan kuchga kirgan.
O‘zLiDeP Minerva city loyihasidan qaytarilgan yerlar boshqa investorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishiga qarshi chiqdi
O‘zLiDeP Minerva city loyihasidan qaytarilgan 100 gektar maydon to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa investorga berilishiga qarshi ekanini va yer maydonlari faqat ochiq auksionlar orqali sotilishi tarafdori ekanini bildirdi. Avvalroq Yangihayot tumani hokimi hududga pul tikmoqchi bo‘lgan xitoylik investor borligini aytgandi.
Markaziy bank bitta bankni jarimaga tortdi, uchtasini ogohlantirdi
Markaziy bank yanvar oyi davomida bitta bankni me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilmagani uchun jarimaga tortdi, 3 ta bankni esa chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirdi.
“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maxsus materiallar:
Jadidchilik harakati tarixiga bag‘ishlangan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasidan reportaj
Tasviriy san’at galereyasida jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi ochilgan bo‘lib, u 18-fevralga qadar davom etadi. Unda 42 eksponat namoyishga qo‘yilgan. Eksponatlar orasida Fitrat va Behbudiy tomonidan yozilgan darsliklar, jurnallar va o‘quv qo‘llanmalari ham bor.
Prokuror “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanayotganlarga qanday jazo so‘radi? To‘liq tafsilot
12-fevraldagi sud muzokarasida prokuror Farmagentlikning sobiq rahbari Kariyev, uning ikki o‘rinbosari va Davlat markazining bir xodimiga nisbatan 18 yil, Quramax Medical direktoriga 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘radi. “Gazeta.uz” barcha sudlanuvchilarga so‘ralgan jazoni to‘liq taqdim etadi.