Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Ma’rufjanovna Abdullayeva lavozimidan ozod etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bunga uning boshqa lavozimga o‘tayotgani sabab bo‘lgan.
Abdullayeva Izboskan tumanida tug‘ilgan, 1989-yilda Toshkent davlat universitetini, 2008-yilda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan.
2022-yil martida hokim o‘rinbosari etib tayinlangan, ungacha esa viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Shu bilan bir paytda, bo‘shagan lavozimga Gulnora Mahmudovna Ahmedova tayinlandi.
Ahmedova 1974-yilda Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1996-yilda Andijon davlat universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida umumta’lim maktablari, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qituvchi, direktor o‘rinbosari va direktori lavozimlarida, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari va MFYda hokim yordamchisi lavozimlarida ishlagan.
Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati boshqarmasi Shahrixon tumani bo‘limi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.