Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Avvalroq yozganimizdek, beshta asosiy yo‘nalishda — transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va energetika sohasiga doir islohotlar ko‘rib chiqildi.

Taqdim etilgan loyihalarga ko‘ra, Toshkent shahrida pullik to‘xtash joylari tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

avtoturargohlar, baxodir raxmatov, pulli to‘xtash joylari, to‘xtash joylari, transport

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda har 1000 kishiga 260−280 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Har kuni shaharga 160−280 mingga yaqin avtomobil yoki 1,3 million kishi kiradi.

Ko‘chalar bo‘ylab pullik to‘xtash joylari tashkil etish uchun yer uchastkalarini 10 yilgacha muddatga ajratish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda 27 uchastkada to‘xtash joylari qurish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Yerlar E-Auksion tizimi orqali tanlov asosida ajratiladi. Bunday avtoturargohlar Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida tashkil etilishi kerak. Bundan tashqari, 2 ta parkon (to‘xtash va yo‘l harakati qoidalari buzilishini nazorat qiluvchi elektron tizimga ega avtomobil), 2 ta evakuator va 57 ta parkomat sotib olish rejalashtirilgan.

Xuddi shu muddatga pullik ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish uchun ham yer uchastkalari ajratilishi mumkin. Bunday avtoturargohlarni jamoat transportining oxirgi bekatlari yaqinida, shuningdek, aholi zich joylashgan hududlarda qurish taklif etilmoqda.

2024-yilda avtomobillar tirbandligi yuzaga keladigan joylarda kamida 4 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, ular 7 qavatli va 729 o‘rinli bo‘ladi. Har bir avtoturargoh qurish loyihasining o‘rtacha qiymati qariyb 52 milliard so‘mni tashkil etadi.

Avtoturargohlarni tashkil etishda tadbirkorlarga yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish taklif etilmoqda.

Har bir to‘xtash joyining narxi ma’lum bir transport vositasining zararli chiqindilari darajasiga qarab belgilanishi rejalashtirilgan.

Rejalarda, shuningdek, ko‘p qavatli turar-joy binolari yaqinida to‘xtash joylari tashkil qilishni taqiqlash ham ko‘zda tutilgan.

Kontekst: Ko‘chalardagi pullik to‘xtash joylari

2022-yil aprel oyida Transport vazirligi huzuridagi Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Abidov o‘sha yilning 1-noyabriga qadar shaharning 10 ta ko‘chasida tajriba tariqasida pullik to‘xtash joylari joriy etish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

2022-yilning noyabrida islohotni amalga oshirish yil so‘nggiga qoldirilgandi. Shu bilan birga, poytaxt transport boshqarmasi birinchi pullik to‘xtash joylarining maketlarini e’lon qilgan. 2251 ta to‘xtash joyiga xizmat ko‘rsatish uchun 57 ta parkomat o‘rnatish, 2 ta evakuator va 2 ta parkon xarid qilish rejalashtirilgan edi.

2022-yil dekabr oyida Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z qarori bilan Transport boshqarmasining avvalroq e’lon qilingan sxemasi bo‘yicha ilk yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tashkil etilishini ma’qullagan edi. Kasy Park kompaniyasi tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishi, pilot ko‘chalarga parkomatlar o‘rnatishi kerak edi.

2023-yil fevral oyida prezident Toshkentning 20 ta ko‘chasida 10 ming avtomobil uchun pullik to‘xtash joylari joriy etilishini ma’lum qilgan edi.

“Gazeta.uz” bunga qadar ham bir necha bor Toshkentdagi tartibsiz to‘xtash joylari muammolari haqida yozgan. Avtomobillar jamoat joylarini egallab, trotuarlarda piyodalarning yo‘llarini to‘sib qo‘ymoqda, jamoat transporti harakatiga xalal beryapti, bekatlarga kirish va ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘ymoqda.

Toshkent shahri hokimligi tomonidan tender o‘tkazilib, pudratchi, u bilan ishlash shartlari aniqlanganiga qaramay, pullik to‘xtash joylari joriy etilmagan. Buning rasmiy e’lon qilingan sababi — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pullik avtoturargohdan foydalanganlik uchun to‘lovni to‘lamaganlik jarimasi nazarda tutilmagan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan kodeksga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin, “Gazeta.uz” muxbiri 2023-yilning noyabrida bu haqda so‘ragan edi.

Kontekst: Ko‘p qavatli to‘xtash joylari

Toshkent shahri hokimligi 2017-yilning bahorida sobiq avtomobil garajlari o‘rnida ikki, uch va olti qavatli avtoturargohlar qurish rejasini e’lon qilgan edi. O‘shanda shunday avtoturargohlarning dastlabki loyihalari namoyish etilgandi. O‘sha yilning yozida sobiq hokim Rahmonbek Usmonov birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari joylashgan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishini ma’qullagan edi.

Undan bir yil oldin — 2016-yil mart oyida aeroport yaqinida, Shimoliy vokzal va boshqa joylarda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalari e’lon qilingan edi.

Ushbu rejalar umuman amalga oshmadi, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilgan ba’zi joylarda boshqa obyektlar, masalan, turar-joy majmualari paydo bo‘ldi.

2023-yil fevral oyida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurib, tadbirkorlarga tayyor biznes tarzida beradigan maxsus davlat organi tashkil etildi. Ko‘p qavatli avtoturargohlar obyekt qiymatining 10 foizi miqdorida boshlang‘ich bahosi bilan onlayn-auksionga qo‘yilishi kutilmoqda. Birinchi bosqichda transport vositalari oqimi to‘planuvchi kamida 4 ta manzilda shunday avtoturargohlar qurish rejalashtirilgan, deyiladi prezident qarorida. Bu raqam bir kun avval e’lon qilingan ko‘rsatkichga to‘g‘ri keladi.

Murod Abidov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida poytaxtda to‘xtash joylari soni va shaxsiy avtomashinalardan foydalanish zaruriyatini kamaytirish maqsadida jamoat transportini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Betartib to‘xtash joylari o‘rniga jamoat joylari yaratilishi mumkin, degandi u.

Quyidagi havolalar orqali Toshkent shahridagi to‘xtash joylari haqidagi materiallarni topish mumkin.