O‘zbekiston Afg‘oniston biznesi uchun “eng qulay shart-sharoitlar” yaratishga tayyor (+foto)
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular muloqotda Afg‘onistondagi savdo, tranzit, investitsiyalarni rivojlantirish, suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik va boshqa masalalarga to‘xtaldi (+foto).
Texnik nosozliklar tufayli “Tashabbusli budjet” bo‘yicha ovoz berish jarayoni 16-martgacha to‘xtatildi
Texnik nosozliklar sabab “Ochiq budjet” portalida ovoz berish jarayonlari vaqtincha to‘xtatiladi va 16-mart soat 00:00 dan boshlab davom ettiriladi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Ayni vaqtda mutaxassislar kamchiliklarni bartaraf etish ustida ishlamoqda.
Prezident uy-joy qurish uchun qo‘shimcha yerlar auksionga qo‘yilishi haqida topshiriq berdi
Prezident uy-joy bozorida narx oshishining oldini olish uchun taklifni oshirish zarurligini aytdi. Buning uchun viloyat hokimlari uy-joy qurish uchun qo‘shimcha 20 gektar, poytaxtda 60 gektar yerni auksionga qo‘yishi kerak. Shuningdek, prezident aholi va pudratchilarga ham yangi imkoniyatlar berilishi haqida gapirdi.
Hindistonda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, bu esa ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi
Hindistonda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, bu esa, huquq himoyachilari fikriga ko‘ra, musulmonlar huquqlarini cheklaydi. O‘zgartirishlar 2019-yilda qabul qilingandi, biroq mamlakatda boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari tufayli keyinga qoldirilgan.
Madaniyat vazirligi “madaniyatli insonlar"ga ko‘ngilochar tadbirlar uchun bepul chiptalar sovg‘a qilmoqchi
Madaniyat vazirligi gaz va elektrdan qarzi yo‘q, ma’muriy javobgarlikka tortilmagan “namunali va madaniyatli insonlar"ni aniqlab, ularga ko‘ngilochar tadbirlarga bepul chiptalar sovg‘a qilmoqchi. “Loyiha hali to‘liq ishlab chiqilmagan, buning uchun biroz vaqt kerak”, — dedi vazirlik xodimi.
Hokim yordamchisi Sirdaryo tumaniga hokim bo‘ldi
Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumaniga Musurmankul Xatamov hokim bo‘ldi. U avval viloyatning boshqa tumanida hokim yordamchisi vazifasida ishlagan.
Xitoylik investorlar renovatsiya dasturi bo‘yicha Toshkentning Oqtepa massivida ko‘p qavatli uylar quradi
Xitoylik investorlar Toshkentning Oqtepa massividagi eski ikki qavatli turar joylar o‘rnida ko‘p qavatli uylar quradigan renovatsiya dasturini amalga oshiradi. Buning uchun budjet mablag‘laridan foydalanmagan holda 360 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
Prezident “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Ayrim viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurishda kechikish kuzatilmoqda. Prezident 1-iyulga qadar qurilish ishlarini jadallashtirish va 474 ta uyni foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriq berdi. “Ulkan marralarga erishish uchun uy-joy qurilishi hajmini har yili 20 foizga oshirib borishimiz kerak, — dedi u.
Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi kvadratiga 1140 dollarni tashkil etmoqda — ITIM
Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi fevral oyida 1,6 foizga oshib, kvadratiga 1140 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani — Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar oshdi, Bektemir va Uchtepa tumanlarida esa pasaydi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida.
Timur Rahmonov O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi bo‘ldi
Timur Rahmonov O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi bo‘ldi. U bunga qadar Novosibirsk shahridagi bosh konsul lavozimida ishlagan.
Firibgarlik uchun qidirilayotgan shaxs Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
Firibgarlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan 35 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishlari so‘raladi.
Xorazmda birinchi sinf o‘quvchisini kaltaklagan o‘qituvchi ishdan bo‘shatilib, jarimaga tortildi
Xonqa tumanidagi maktablarning birida birinchi sinf o‘quvchisini kaltaklagan o‘qituvchi ishdan olindi va ma’muriy javobgarlik bo‘yicha jarimaga tortildi.
Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner samolyoti qanotidagi bo‘yoq ko‘chib ketganiga izoh berdi
Uzbekistan Airways`ning xabar berishicha, Boeing 787 Dreamliner samolyotining kompozit qismlarida bo‘yoqning ko‘chib ketishi muammosi bir necha yillardan buyon kuzatilmoqda. Boeing tavsiyasiga ko‘ra, ekspluatantlar samolyot qayta bo‘yalguniga qadar vaqtincha maxsus yopishqoq lentadan foydalanmoqda.
Bayden va Tramp prezidentlikka nomzodini qo‘yish uchun yetarli bo‘lgan ovozlarni to‘pladi
Jo Bayden va Donald Tramp Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun yetarlicha ovoz oldi. Bu AQSh prezidentlik saylovlarida qariyb 70 yil ichidagi birinchi revansh uchrashuvi bo‘ladi.