Shavkat Mirziyoyev Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevga 70 yillik yubileyi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Seshanba kuni davlat rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayevga ushbu ko‘krak nishonini topshirdi. Unga bu nishon “davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, milliy saylov tizimini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi” uchun berildi.

Zayniddin Nizomxo‘jayev (1954-yilda tug‘ilgan) — tibbiyot fanlari doktori, professor. U MSKni 2021-yilning fevralidan buyon boshqarib kelmoqda. Bungacha u 2020-yilning yanvaridan Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. U 2014-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.