O‘zgidromet xizmati agentligi 21−27-mart kunlari O‘zbekistonning 6 ta viloyatida qor ko‘chishi xavfini e’lon qildi.
Xususan, 2024-yil 21−27-mart kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:
- Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);
- Namangan viloyati: Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.
Shuningdek, 2024-yil 21-mart kuni A-373 Toshkent — O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 18 — 23 m/s gacha kuchayishi oqibatida avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.