2-aprel kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda pensiya oluvchilarning telefonlariga pensiyalar hisoblangani haqida, keyin esa kartani to‘ldirish bekor qilingani haqida bildirishnomalar kelgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki pensiya oluvchilarning 3 foiziga ta’sir ko‘rsatgan texnik xatolik haqida xabar berdi.

“Xalq banki tizimida pensiya mablag‘larining yuklanishi jarayonida texnik nosozlik yuzaga kelganligi sababli ba’zi mijozlarning bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar „bekor qilingan“ holati yuzaga kelgan”, — deyiladi Xalq banki xabarida.

“Hozirda ushbu xatoliklar bartaraf etilib, „bekor qilingan“ pul mablag‘lari bank kartalarga qaytarilmoqda”, — deyiladi bank xabarida.

Ular prezidentning PQ-5102-sonli qaroriga asosan, barcha pensionerlar pensiyalarini oyning 5-kuniga qadar olishiga ishontirdi.

Texnik xato tufayli Xalq banki aloqa markaziga qo‘ng‘iroqlar keskin ko‘payib, bog‘lanish qiyinlashgan.

Bank bilan bog‘lanish uchun Telegram (@xbcallsupport) yoki bankning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan foydalanish mumkin, deyiladi xabarda.