O‘zbekistonda 1-iyuldan naqd pul orqali to‘lov amalga oshirilganga fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda beriladigan keshbeklarni bekor qilish taklif etilmoqda. Bu “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud).

Hujjat hali jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan hamda vazirlik va mutasaddi idoralar o‘rtasida kelishuv uchun chiqarilgan. Shanba kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov loyihani tadbirkorlar bilan muhokama qildi, shu sababli hujjatga hali yana o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohasida mobil ilovalar va plastik kartochkalar orqali to‘lov amalga oshirilganda 1 foizli keshbek qaytarilishi davom ettiriladi. Hujjatni loyihasini ishlab chiqqanlar naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha keshbeklarni 2 foizgacha oshirish variantini ham muhokama qilmoqda, deya xabar berdi Soliq qo‘mitasi “Gazeta.uz”ga.

Keshbek va tovar cheklarini tizimini takomillashtirish doirasida “soliq hamkor” modulida inson omilini minimallashtirish va hamkor to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilmasligini qat’iy nazorat qilish, keshbek qaytarishni rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatish va shuningdek, sotuvchining MXIKni (mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodi) noto‘g‘ri kiritganini keshbek qaytarishni rad etish sabablari ro‘yxatidan chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda.

Yil boshidan buyon (29-aprel holatiga) iste’molchilarga 162,1 mln chek uchun 173,2 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Jumladan, mart oyida 57,8 mlrd so‘m keshbek berilgan.