Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini (U-23) Qatarda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finaliga chiqqani va 2024-yilda Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi. Bir kun avval O‘zbekiston Indoneziyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. 3-may kuni bo‘lib o‘tadigan finalda O‘zbekiston terma jamoasi boshqa yarim final juftligi bo‘lgan Yaponiya — Iroq g‘olibi bilan o‘ynaydi.

“Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi. Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi. Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga — yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi”, — dedi davlat rahbari.

“Bu tarixiy g‘alaba zamirida keyingi yillarda mamlakatimizda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan e’tibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar mujassam”, — deb ta’kidladi u.

“Sizdek azmu shijoatli yoshlarimizning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, har bir o‘yinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatganingiz, albatta, yuksak tahsinga munosibdir”, — dedi prezident.

“Osiyo qit’asidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli ko‘rilmagan natijadir”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev jamoa ushbu g‘alabadan ruhlanganiga ishonch bildirdi. “Final bellashuvida „Osiyo chempioni“ degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz”, — deya ta’kidladi u.