Sent-Luisdagi (Missuri shtati, AQSh) Vashington universitetining energetika, atrof-muhit va kimyo texnologiyalari bo‘yicha professori Jey Tyorner Toshkentga tashrifi doirasida AQSh elchixonasida jurnalistlar bilan uchrashdi. Elchixonada 2018-yilda atmosfera havosi ifloslanishini kuzatuvchi mamlakatdagi birinchi avtomatik monitor o‘rnatilgan edi. Olim turli datchiklardan olingan ma’lumotlar o‘rtasidagi tafovut sabablarini tushuntirib, Toshkent shahrida havo ifloslanishining ehtimoliy sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik havo sifati bilan bog‘liq muammoni juda muhim deb atadi, chunki bu “barchamizga ta’sir ko‘rsatadi”.

“Sanoat yoki hukumatni sohani tartibga solmaganlikda ayblash oson, biroq muammo ancha murakkab. Bu deyarli barcha mamlakatlar to‘qnash kelayotgan muammo. Har bir mamlakat iqtisodiy rivojlanish va toza havo, toza suv va yaxshi yashash sharoitlariga ega bo‘lish istagi o‘rtasida muvozanat topishga majbur. To‘g‘ri muvozanatni topish uchun esa nafaqat hukumat, balki aholi, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining ushbu masalalarga e’tibor qaratishdagi roli hamda birgalikda harakat qilishi muhim ahamiyatga ega”, — deya qayd etdi u.

Jey Tyornerning tasdiqlashicha, “biz ko‘pincha bu masalani haddan tashqari soddalashtirishga urinamiz”. “Biz [bu borada] allaqachon yetarlicha ko‘p bilamiz… Muammoni hal qilishning kaliti — bu ilm-fan. Havo sifatining ilm-fanga asoslangan o‘lchovlari to‘g‘ri muvozanatga erishishga yordam bera oladi”, deya ta’kidladi u.

AQSh elchixonasiga o‘rnatilgan monitor qanday ishlaydi?

AQSh elchixonasi 2018-yilda havo sifatini o‘lchashga mo‘ljallangan monitor o‘rnatdi. O‘sha vaqtda bu O‘zbekistonda ma’lumotlari real vaqt rejimida ochiq e’lon qilinadigan yagona shunday qurilma edi. AQSh Davlat departamenti mamlakatning boshqa davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari uchun aynan bir turdagi qurilmalar sotib oladi.

Monitor havo sifatiga oid ma’lumotlarni har soatda ko‘rsatib turadi. Dastavval 53 daqiqa davomida diametri 2,5 mikrondan (PM2.5) kichik bo‘lgan mayda asosga ega zarrachalar namunalari va boshqa ma’lumotlar to‘planadi. Shundan keyin monitor ularni 7 daqiqa davomida tahlil qiladi va natijani serverga uzatadi.

aqsh, aqsh elchixonasi, havo ifloslanishi, havo sifati, jey tyorner, jonatan henik, jonatan xenik

Ma’lumotlar avtomatik ravishda hukumatning havo holati to‘g‘risida rasmiy axborot berib turuvchi AirNow veb-sahifasida (AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tomonidan yuritiladi) e’lon qilinadi. Qurilma ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish imkoniyatidan holi, deya ta’kidlaydi Jey Tyorner. Inson aralashuvi talab qilinadigan yagona vaziyat — monitorga davriy texnik xizmat ko‘rsatishdir.

Professor O‘zbekiston hukumati tomonidan havo sifatini monitoring qiluvchi, AQSh monitorlari singari har soatda ma’lumotlarni taqdim etuvchi stansiyalar tarmog‘i kengaytirilganini ma’qulladi.

Havo sifati indeksi hammada bir xil emas

“Gazeta.uz” jurnalistining ma’lumotlarni yig‘ish metodologiyasi haqidagi savoliga javoban Jey Tyorner AQSh elchixonasi hududidagi monitor o‘rnatilgan monitoring protokoli asosida ishlashini ma’lum qildi.

“O‘zgidromet ham xuddi shunday [protokol asosida] qilyapti, deb o‘ylayman. Agar protokolga rioya qilinsa, datchiklar — yonma-yon o‘rnatilgan taqdirda — deyarli bir xil ko‘rsatkichlarni qayd etishi kerak”, — deya ta’kidladi u.

Jey Tyornerning ta’kidlashicha, datchiklar ma’lumotlarini taqqoslashda havo sifati indeksini (Air Qualty Index, AQI) emas, balki har bir kubometr uchun mikrogrammlardagi mayda asosga ega zarrachalar konsentratsiyasini hisobga olish lozim.

“Barcha qurilmalar uchun konsentratsiya bir xil bo‘lishi kerak, lekin Amerika AQI bir usul bilan, O‘zbekiston AQI boshqa bir usul bilan hisoblanadi. [So‘nggi vaqtlarda ommalashgan Shveysariya veb-sayti] IQAir ham AQIʼni o‘z usulida hisoblaydi. Bu shunga olib keladiki, jamoatchilik turli raqamlarning guvohi bo‘ladi”, — deydi professor.

aqsh, aqsh elchixonasi, havo ifloslanishi, havo sifati, jey tyorner, jonatan henik, jonatan xenik

“Mana shuning uchun ham bu juda chalkash. AQI — bu kunlik o‘rtacha ko‘rsatkich, lekin hamma buni soatlik deb hisoblaydi. AQSh hukumatining yondashuvi har soatda o‘tgan sakkiz soatlik ma’lumotlarga asoslangan AQI ma’lumotlarini nashr etishdan nazarda tutadi. Bu bizga o‘sish yoki pasayish tendensiyasi mavjudligini tushunish imkonini beradi. IQAir ham AQSh shkalasidan foydalanadi, lekin o‘tgan sakkiz soatning o‘rtacha ko‘rsatkichi o‘rniga muayyan vaqtdagi aniq qiymatga asoslanadi”, — deb tushuntiradi olim.

Shunday ekan, nima uchun turli monitorlardagi ma’lumotlar bir-biriga mos kelmasligi haqida savol tug‘ilganda, “havo sifati indeksi emas, balki konsentratsiya haqida gap ketayotganiga ishonch hosil qiling. Shunda haqiqatda taqqoslay olasiz”, deydi Jey Tyorner.

aqsh, aqsh elchixonasi, havo ifloslanishi, havo sifati, jey tyorner, jonatan henik, jonatan xenik

Professor, shuningdek, ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lgan datchiklarning mansublik zonasi kabi ko‘rsatkichga e’tibor qaratdi. U yashaydigan Sent-Luisda tumanlar kesimida havo ifloslanishidagi farq o‘rtacha hisobda bor-yo‘g‘i 15 foizni tashkil qiladi. “Shunday qilib, bitta datchik butun shahardagi vaziyatni aks ettira oladi”, deydi u.

Misol uchun, Bishkekda o‘rtacha yillik PM2.5 ko‘rsatkichi 400 foizga farq qilishi mumkin, ya’ni datchiklar faqatgina kichik hududdagi vaziyatni aks ettirishi mumkin. Toshkentda ham turli hududlardagi vaziyat har xil va AQSh elchixonasi hududidagi bitta datchikka asoslanib, butun shahardagi havo sifatini baholab bo‘lmaydi.

Jey Tyorner AQSh Davlat departamenti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Dyuk universiteti (AQSh) qo‘shma loyihasini moliyalashtirganini ma’lum qildi. Loyiha doirasida butun Toshkent bo‘ylab qimmat bo‘lmagan sensorlar o‘rnatiladi, ular butun shahar bo‘ylab havo ifloslanishi darajasidagi farqni aniqlash hamda AQSh elchixonasi va O‘zgidromet stansiyalaridagi monitorning mansublik zonalarini aniqlashga yordam beradi. Ushbu monitorlarning aksariyati allaqachon o‘rnatilgan.

Ifloslanish manbalarini aniq ko‘rsatish uchun ma’lumotlar yetarli emas

Mavjud ma’lumotlar hozircha havo ifloslanishining aniq manbalariga ishora qilmaydi, deydi Jey Tyorner. “Biroq, aminmanki, bu masala Ekologiya vazirligi uchun ustuvor vazifa, u yaqin kelajakda turli xil ifloslanish manbalarining havo ifloslanishi muammosiga qo‘shgan hissasini belgilashi lozim”, — deydi u.

Toshkentliklar qish kunlarida havo sifati yomonlashganligiga e’tibor qaratishdi. “Yilning bu faslidagi chiqindilar boshqa vaqtlardagi chiqindilardan farq qiladi, lekin ob-havo ham farq qiladi — qishda havo turg‘un bo‘lib, ifloslantiruvchi moddalarni tutib turadigan davrlar kuzatiladi”, — deydi olim.

“Yaqinda Bishkekda olib borgan o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, [yuqori darajadagi ifloslanish] aholining uylarida ko‘mir yoqilishi bilan bog‘liq. Bu yerda vaziyat boshqacha”, — deya qo‘shimcha qiladi olim.

“Bu yerda cho‘l changi bor. Ayniqsa, yozda va erta kuz vaqti. Biz izlanishlar olib bordik va [cho‘l changining] PM2,5 dagi ulushi taxminan 25−35 foizni tashkil qiladi, deb hisoblaymiz. Ya’ni, bu chang Toshkentda hukmronlik qilmaydi. Antropogen hissa ustunlik qiladi”, — deya ta’kidladi u.

aqsh, aqsh elchixonasi, havo ifloslanishi, havo sifati, jey tyorner, jonatan henik, jonatan xenik

O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining, odatda joriy havo ifloslanishini taqqoslashda asos qilib olinadigan, tavsiyalariga javob bera oladimi? “Javob, cho‘l changi tufayli „yo‘q“ bo‘lishi mumkin”, deydi Jey Tyorner. Ushbu muvofiqlikka erishish uchun chang omilidan xalos bo‘lish lozim. Ilmiy yondashuv buni amalga oshirish imkonini beradi, bu borada AQSh va Yevropada qabul qilingan me’yorlar mavjud.

O‘zbekiston havo sifatini o‘lchash bo‘yicha o‘z standartlarini ishlab chiqishda milliy xususiyatlar bilan bir qatorda, hududiy o‘ziga xosliklarni ham hisobga olishi kerak. “Toshkent va Xiva uchun ifloslanish manbalari juda o‘xshash bo‘lishi mumkin, biroq ular farq qilishi ham mumkin. Buning uchun izlanishlar olib borish talab etiladi”, — deya qayd etdi u.

AQSh geografik va iqlim jihatdan xilma-xil bo‘lganligi sababli, havo sifati bo‘yicha milliy talablar va turli shaharlar uchun qo‘shimcha talablar mavjud, deb tushuntiradi olim.

U, shuningdek, havo sifati haqidagi barcha tarixiy ma’lumotlarning ommaga ochiq bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

Jey Tyorner — Sent-Luisdagi Jeyms Mak-Kelvi nomidagi Vashington universitetida ta’lim masalalari bo‘yicha dekan muovini va muhandislik bo‘limi professori. Universitetda u, shuningdek, energiya, atrof-muhit va kimyo texnologiyalari bo‘yicha professor. Uning tadqiqotlari, birinchi navbatda, havo sifatini rejalashtirish va boshqarish uchun zarur bo‘lgan texnik tahlillarga, namuna oluvchining samaradorligini va monitoringni baholash, shuningdek, havo ifloslanishining odamlarga ta’sirini miqdoriy baholashga qaratilgan dala tadqiqotlariga bag‘ishlangan. Uning hozirgi faoliyati Sent-Luis (AQSh), Luisvill (AQSh), Janubiy Afrika va Mo‘g‘ulistondagi loyihalarni o‘z ichiga oladi. Jey Tyorner, shuningdek, Harvard universiteti tashrif buyuruvchi ilmiy xodimi va AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining Ilmiy maslahat kengashi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi. Jey Tyorner Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetida bakalavr va magistr darajalarini (1987), Vashington universitetida doktorlik (1993) darajasini olgan.