Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 7 yoshli qizga 60 yoshli erkak tahdid qilib, o‘zining g‘arazli niyatini amalga oshirgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, Yangi Namangan tumanida yashovchi ayol ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Unda 27-mart kuni ayolning voyaga yetmagan 7 yoshli qizi ko‘chada o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurgan vaqtida o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan erkak qizni o‘z avtomashinasiga chiqarib, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgani bayon etilgan.

Bolalar ombudsmanining “Gazeta.uz”ga bildirishicha, erkak 68 yoshda va yollanma ishchi bo‘lgan. Surayyo Rahmonova, shuningdek, erkakning ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgani haqidagi gap-so‘zlarni ham rad etdi.

“U hozir ham, avval ham ichki ishlar organlarida ishlamagan, davlat organiga nisbatan asossiz gaplar ketmoqda”, — deya ta’kidladi ombudsman.

Hodisa yuzasidan 5-aprel kuni Namangan shahri tergov bo‘linmasi tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat bo‘yicha munosabat bildirgan Namangan viloyati IIB ham erkakning ichki ishlar tizimiga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

“Vaziyatga to‘liq oydinlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiy, biologik, kimyoviy, shuningdek, ruhiy holatni aniqlash uchun sudga oid psixologik ekspertizalar tayinlanib, xulosalar olinmoqda”, — deyiladi xabarda.