O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishni ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

1-may kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha seminar bo‘ldi.

pestitsidlar, xavfli kimyoviy moddalar, ekologiya

“O‘zbekistonda ilk bor xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda tegishli qonunchilik tamoyillarini amalga oshirish, umuman olganda, kelajakda xavfli kimyoviy moddalardan to‘g‘ri foydalanish maqsad qilingan. Ma’lumki, Sobiq ittifoq davrida yurtimizda paxta yetishtirish davomida juda xavfli pestitsidlar ishlatilgan. 450 dan ortiq kichik-kichik aeroportlar bo‘lgan va juda katta miqdorda xavfli moddalar yig‘ilib qolgan. Bundan tashqari, ayrim korxonalarda ham kimyoviy moddalar mavjud. Loyihada ana shu zararli moddalarni suv va tuproq tarkibidan ajratib olib, ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda”, — dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

“O‘zbekiston hukumati va FAO bilan hamkorligimiz eskirgan chiqindilarni tozalash, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va pestitsidlar chiqindilarini ishlab chiqarishni qisqartirish orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha jamoaviy majburiyat namunasidir. Biz hamkorlikda kimyoviy chiqindilarni boshqarishdan ham ko‘proq ishlarni amalga oshiramiz. Zararkunandalarga qarshi kompleks kurash, salomatlik va ekologik xavflardan xabardorlik sog‘lom, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan foydali qishloq xo‘jaligi sektori kafolatidir”, — dedi Vim Riyepma.

pestitsidlar, xavfli kimyoviy moddalar, ekologiya

Keyingi yillarda O‘zbekistonda eskirgan yoki taqiqlangan pestitsidlar zaxiralari va zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan idishlar ko‘milgan 8 ta obyektda konservatsiya ishlari olib borilgan, yana 2 ta obyektda konservatsiya ishlari boshlandi va bitta obyektda rekonstruksiya ishlari olib borildi.

“Qiymati 4 mln yevroga teng bo‘lgan qo‘shma loyihani amalga oshirish zararli kimyoviy moddalar va ular bilan bog‘liq chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, jumladan, pestitsidlarni almashtirish va ulardan foydalanishni qisqartirishni nazarda tutuvchi muqobil usullarni joriy etish va ilgari surish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.