27-aprel kuni Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Viloyat prokuraturasi va DXX boshqarmasi hamkorligida olib borilgan qo‘shma tadbirda prokuror o‘rinbosari kelishilgan 2000 dollarni olgan vaqtida ushlandi.

U tanishlari orqali sudning ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha aybdor shaxsga nisbatan jazo qo‘llanilishida yengillik qilib berishni aytgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28,211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.