Davlat soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi va to‘liq qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

““Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi”, — deyiladi DSQ xabarida.

Jamoatchilik muhokamalari (tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalari) asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

DSQ, shuningdek, har bir soliq to‘lovchining fikr va mulohazalarini hurmat qilishini, so‘nggi vaqtlarda amaliyotda ishlab turgan normalarga bir necha yengillik va o‘zgartirishlar kiritilganini buning dalili deyish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Soliq qo‘mitasi bundan keyin ham Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni o‘zining muhim vazifasi deb hisoblaydi”, — deya ta’kidlagan qo‘mita.

Savdo-sanoat palatasi mazkur qaror loyihasi 27-aprel kuni palatada prezidentning Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilinganini va kengash a’zolari tomonidan loyiha bo‘yicha konseptual takliflar bildirilganini qayd etdi.

“Kengash yig‘ilishida mutasaddilar tomonidan ushbu qaror loyihasi bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda idoraviy kelishish jarayonida ekanligi hamda kengash a’zolarining takliflari asosida qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi. Mazkur hujjat loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin yana bir bor Kengash muhokamasidan o‘tkaziladi”, — deya qayd etgan palata.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi ham hujjat loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Qaror loyihasi nima haqida

“Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarorida bu yo‘nalishda bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq hujjat hali jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagani hamda vazirlik va mutasaddi idoralar o‘rtasida kelishuv uchun chiqarilgani haqida xabar bergandi. Shanba kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov loyihani tadbirkorlar bilan muhokama qilgani, shu sababli hujjatga hali yana o‘zgartirishlar kiritilishi mumkiniligi ta’kidlgandi.

Hujjatda, jumladan, ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisi, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va boshqalar naqd pulsiz shaklga o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, 1-iyuldan to‘lovlar naqd pulda amalga oshirilganda fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali olinadigan soliq keshbeklarini to‘lash bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Naqd pulsiz to‘lovlar uchun keshbek miqdori esa hozirgi 1 foizdan 2 foizgacha oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, uy-joy sotib olish jarayonining shaffofligini oshirish uchun quruvchilarga soliq solinadigan bazani har bir kvadrat metr uchun minimal miqdordan kelib chiqib belgilash rejalashtirilmoqda. Toshkent shahrida o‘rtacha minimal miqdor kvadrat metr uchun 5−7,5 mln so‘m etib belgilanishi mumkin.

Takliflar qatoridan Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi p2p o‘tkazmalari miqdori ma’lum chegaradan oshib ketsa, ma’lumot almashishni boshlash ham o‘rin olgan. Fuqarolar kartadan kartaga pul o‘tkazganda 100 mln so‘mlik, tadbirkorlar esa 500 mln so‘mlik yillik limitdan oshib ketgan taqdirda, soliq organlari ma’lumot olishi taklif qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar

Qaror loyihasi haqida ma’lumotlar e’lon qilina boshlaganidan keyin blogerlar va jamoatchilik faollari undagi ba’zi takliflarni tanqid qildi. Xususan Davletovuz Telegram kanali muallifi Qobil Hidirov loyihadan ijobiy takliflar bilan bir qatorda, bahstalab, Soliq qo‘mitasiga yana mutlaq va nazoratsiz vakolatlarni taqdim etish xavfini oshiruvchi takliflar ham o‘rin olganini ta’kidladi.

““Jismoniy shaxslar o‘rtasida P2P pul o‘tkazmalari ustidan nazorat o‘rnatishga urinish yana kun tartibiga chiqayotgani xavotirlidir. Vaholanki, xuddi shunday urinish o‘tgan yili yangi Konstitutsiyaning “41, 65−67-moddalari talablaridan kelib chiqib, shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” bekor qilingan edi. Yoki prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda “Tax Gap” degan baloni bekor qilgan holatni eslashning o‘zi kifoya”, — deb yozdi u.

Moliyachi Otabek Bakirov esa qaror loyihasini qoidabuzar haydovchilarga jarima ballarini yozish tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi bilan taqqosladi.

“Jamoatchilik bu „frankenshteyn“ hujjatni hali to‘liq ko‘rgani yo‘q, lekin tanishib ko‘rganlarda o‘tgan yili noyabrdagi kazus esga tushishi aniq. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili noyabrda Qoidabuzar haydovchilarga jarima ballarini yozish tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasi boshlandi. Bir qarashda yaxshi, uzoq kutilgan qonun loyihasi. Lekin bu loyihaga butunlay boshqa cheklovlar — ichki ishlar xodimlarini foto va videotasvirga olish bilan bog‘liq cheklovlar qo‘shib ketilganligini oradan bir necha hafta o‘tgachgina Senatdagi muhokamalar vaqtida bilgan edik. Hozir so‘rasangiz, men bu qayerdadir osilib qolgan loyihani, hatto orasida men ma’qullagan va istagan qoidalar aks etgan bo‘lsa ham, yomon qonun deb atayman”, — deb yozdi Otabek Bakirov.

Uning aytishicha, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bilan ham xuddi shunday vaziyat kechmoqda.

“Bu yomon loyiha, garchi qator konstruktiv qadamlarni ko‘zda tutgan bo‘lsa ham, chunki uning orasida, bilibmi, bilmaymi, atayinmi yo ko‘r-ko‘rona ravishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda yordam beradigan emas, ertaga odamlar va himoyati yo‘q kichik biznes ustida portlovchi „minalar“ joylashtirilgan. Shuning uchun ham bu yomon loyiha. Qabul qilinsa, oqibatlari ham yomon bo‘ladi”, — deya qayd etdi u.