Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘li velosport musobaqasi sababli ma’lum vaqtga yopiladi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Sportning velosport-shosse turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan 2024-yilning 1, 2, 3-may kunlari soat 8:00 dan 14:00 ga qadar 4R12 Bektemir-Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining bir qismi yopiladi.

Yo‘lning 34−54 kilometrlari oralig‘ida transport vositalari harakati cheklanadi. Bunda, Chirchiq shahriga kirishda joylashgan platina yaqinida start, G‘azalkent shahriga kirish qismida finish bo‘ladi.

Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyuruvchi fuqarolarga Chirchiq shahri orqali harakatlanish tavsiya etiladi.