Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatidagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlarni o‘rgandi, deya xabar bermoqda BP matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ishchi guruh Madaniy meros agentligi mutaxassislari bilan birgalikda Buxoro shahridagi “Xo‘ja kalon” masjidi, “Xusayni” va “Nodir devonbegi” madrasalari hamda “Ark” majmuasi devorlarini restavratsiya va ta’mirlash ishlari bilan tanishgan.

Ushbu yodgorliklarda bajarilgan ish hujjatlariga soxta yozuvlar kiritish yo‘li bilan restavratsiya va ta’mirlash ishlarida “Xo‘ja Kalon” masjidida 731 mln so‘m, “Xusayni” madrasasida 216 mln so‘m, “Nodir Devonbegi” madrasasida 90 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlangan.

Buxoro shahri tarixiy markazi hududida joylashgan 74 ta obyektga manzil ko‘rsatgich belgilari o‘rnatish uchun ajratilgan 50 mln so‘m budjet mablag‘i ham talon-toroj qilingan.

бош прокурaтурa, бухоро, ёдгорлик majmuasi, talon-toroj

Bundan tashqari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari tomonidan 2,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i tovar-moddiy boyliklar sotib olish uchun sarflangani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, amalda mablag‘lar o‘zlashtirib yuborilgan.

Holatlar bo‘yicha Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deyiladi xabarda.