Yandex Go O‘zbekistonda elektromobillar uchun maxsus tarifni ishga tushiradi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga kompaniya matbuot xizmati.

Tarifda BYD, Dongfeng, Hongqi va boshqa markalardagi elektromobillar taqdim etiladi. Dastlabki bosqichda Yandex Go xizmatiga 1000 dan ortiq avtomobilni ulash rejalashtirilgan.

Keyingi bosqichda kompaniya barqaror shahar muhitini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun elektromobillardan foydalanuvchi hamkorlar sonini oshirishni ko‘zlamoqda.

“Gazeta.uz” kompaniya vakillariga elektromobillar uchun alohida tarif joriy etilishi O‘zbekistonda bunday avtomobillar ommabopligining o‘sishi bilan bog‘liqmi, degan savol bilan yuzlandi. Hozirda mavjud bo‘lgan so‘nggi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga 22,49 mingta elektromobil import qilingan. 2022-yilning shu davriga nisbatan import hajmi 6 barobardan ziyod oshgan.

“Tarifning ishga tushirilishi shaharda yetarlicha rivojlangan infratuzilma va mijozlar o‘rtasida elektromobillardan foydalanishga bo‘lgan barqaror talab bilan bog‘liq”, — deb javob berdi Yandex Go.

“Elektromobillar yuqori darajadagi qulaylikka ega — zamonaviy, shovqinsiz ishlaydi. Shuningdek, ular foydalanishda tejamkor, yonilg‘i sarfi va xarajatlari past, bu haydovchilar uchun foydali. Shahar muhiti uchun elektromobillardan, jumladan, taksida foydalanish shahardagi shovqinni va chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi”, — deydi Yandex Taxi`ning MDH bo‘yicha rivojlanish direktori Kirill Svinsov.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat shaharlardagi hayot sifatini yaxshilashga, balki elektromobillarga bo‘lgan talabni oshirish va mos infratuzilmani rivojlantirishga ham turtki beradi.

Yandex Go ilovasidagi elektromobillar “Komfort+” tarifida bo‘ladi.

O‘zbekiston Yandex Go elektromobillar uchun maxsus tariflar joriy qilgan ikkinchi davlatdir. Ilgari bunday tarif Belarusda 2021-yilda joriy qilingan.