AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik bog‘lar va toza havoni targ‘ib qilayotgan fuqarolarning sa’y-harakatlarini olqishladi. 3-may kuni u AQSh mustaqilligining (bu sana — 4-iyul, ammo diplomatik missiya uni ertaroq nishonlaydi) 248 yilligiga bag‘ishlangan marosimda nutq so‘zladi. Tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

Har yili AQSh elchixonasidagi marosim turli mavzuda bo‘lib o‘tadi. Bu yil “AQSh milliy bog‘lari mavzusiga bag‘ishlanib, ularning birinchisi bundan 150 yildan ortiq avval tashkil etilgan”.

“Har yili 330 milliondan ortiq amerikalik va chet ellik sayyoh Yosemite, Yelloustoun, Grand Kanon va boshqa ko‘plab bog‘larimizda muhofaza etiladigan ajoyib tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishadi. Darhaqiqat, yoz oylarida oilangiz bilan mashinada milliy bog‘larni ziyorat qilish maqsadida safarga otlanishdan ham ortiqroq amerikacha an’ana mavjud emas”, — dedi elchi.

“Biroq, ko‘pchilik ehtimol bilmagan narsa shundaki, oddiy, ammo inqilobiy g‘oya bo‘lmaganda, ushbu bog‘lar bugungi kunda mavjud bo‘lmas edi. Bu g‘oyaga ko‘ra, ushbu hayratomuz manzaralar imtiyozlarga ega ozchilik uchun emas, balki hamma uchun birday tegishli bo‘lgan xazinadir. Prezident Franklin Ruzvelt bu g‘oyaga mana bunday ajoyib ta’rif bergandi: „Bizning milliy bog‘larimizdan ham ortiqroq amerikacha hech narsa yo‘q… Milliy bog‘lar ortidagi asosiy g‘oya shuki, mamlakat xalqqa tegishlidir“”, — dedi diplomat.

U shunday ta’kidladi: “Bu bog‘larni yaratish oson bo‘lmadi. Ekologlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar yog‘och, tog‘-kon sanoati, energetika va boshqa manfaatlar borasida bahslashdilar va oxir-oqibat g‘alaba qozondilar. Natijada bizning milliy bog‘larimiz ko‘pincha Amerikaning „eng yaxshi g‘oyasi“ deya ta’riflanadi va yer ham, xuddi erkinlik kabi, qadrlanishi, himoya qilinishi hamda hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari suradi. Bu go‘zal qo‘riqxonalar nafaqat tabiat mo‘jizalarimizni saqlab qoladi, balki ular demokratiyaning ham o‘ziga xos ramzi sanaladi”.

“Xuddi shunday jarayon hozir O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston fuqarolari bog‘larni ko‘paytirish hamda, albatta, o‘zlari nafas olayotgan havo va ichadigan suvni muhofaza qilishni targ‘ib qilishmoqda. Iqtisodiy o‘sish va tabiatni asrashga bo‘lgan ehtiyojni muvozanatlash oson ish emas. Bunda nafaqat hukumat, balki fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ham faol ishtirok etishi zarur. Gap O‘zbekiston haqida bo‘ladimi yoki Qo‘shma Shtatlar haqida bo‘ladimi, xalqlarimiz o‘z huquqlarini himoya qilish va tegishli siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish erkinligiga ega bo‘lsalar, mamlakatlarimiz yanada kuchliroq va atrof-muhitimiz yanada xavfsizroq bo‘lishi aniq”.

“Kelajakka nazar tashlar ekanmiz, keling, demokratiyaning o‘zi kabi parvarish etilishi, himoya qilinishi va asrab-avaylanishi kerak bo‘lgan bog‘larimizdan ilhom olishda davom etaylik. Keling, birgalikda ushbu tabiiy manzaralardan bahramand bo‘laylik hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam munosabatlarga asos bo‘lgan va xalqlarimizni porloq kelajak sari yo‘naltiruvchi umumiy majburiyatlarni esga olaylik”, — deya yakunladi elchi.