“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders, RSF) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan matbuot erkinligi bo‘yicha 2024-yilgi yangi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi. Mamlakat 2023-yilgi reytingdagi o‘rnidan birdaniga 11 pog‘ona pastladi.

“Prezident Islom Karimovning vafotidan so‘ng OAV uchun sharoitlar birozgina yaxshilandi, hokimiyatdagilarni tanqid qilish juda murakkabligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni hali amalga oshirmagan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzuralash keng tarqalgan.

Mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “murakkab”dan “juda jiddiy” (xaritada to‘q qizil rang) bosqichiga o‘tdi.

Ekspertlar bu yil ham bloger Otabek Sattoriy ishi va 2022-yil yozida Nukusdagi namoyishlarni yoritgan jurnalistlarga nisbatan bo‘lgan bosimni tilga oldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha: indeksda Qozog‘iston 142-o‘rin (-8), Qirg‘iziston 120-o‘rin (+2), Turkmaniston 175-o‘rin (+1), Tojikiston esa 155-o‘rin (-2)da qayd etilgan.

Qo‘shni Afg‘onistonda holat sezilarli yomonlashgan — 26 pog‘onaga pastlagan holda 178-o‘rin.

Dunyodagi vaziyat

reporters without borders, rsf, so‘z erkinligi, чегара bilmas muxbirlar

Yillik Jahon matbuot erkinligi indeksiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab matbuot erkinligiga siyosiy hujumlar, jumladan, jurnalistlarni hibsga olish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini bostirish va noto‘g‘ri axborotni keng tarqatish o‘tgan yili sezilarli darajada oshgan.

Reytingda ko‘p yillar davomida Shimoliy Yevropa mamlakatlari — Norvegiya (1-o‘rin), Daniya (2-o‘rin), Shvetsiya (3-o‘rin), Niderlandiya (4-o‘rin) va Finlyandiya (5-o‘rin) yetakchilik qilib kelmoqda. Ro‘yxatni Eron (176-o‘rin), Shimoliy Koreya, Afg‘oniston, Suriya va Eritreya yakunlaydi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, reytingga kiritilgan 180 ta davlatdan 36 tasida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “juda jiddiy”, yana 49 ta davlatda esa “murakkab”. “Yaxshi” holat faqat sakkizta davlatda kuzatilmoqda.

Indeksda Belarus 167-o‘rin (10 ta o‘ringa pastladi), Gruziya (103-o‘rin, -26), Ozarbayjon (164-o‘rin, -13), Turkiya (158-o‘rin, -7)ning natijalari yomonlashdi.

“2024-yilda Vladimir Putin hayratlanarli tarzda qayta saylangan Rossiya (162-o‘rin, +2) Ukrainada urush olib borishda davom etmoqda (61-o‘rin, +18), bu ommaviy axborot vositalari ekotizimiga va jurnalistlar xavfsizligiga katta ta’sir ko‘rsatdi”, — deydi ekspertlar.

“RSF ommaviy axborot vositalarining avtonomiyasini qo‘llab-quvvatlash va hurmat qilishning xavotirli pasayishini hamda davlat yoki boshqa siyosiy ishtirokchilar tomonidan bosim kuchayib borayotganini ko‘rmoqda. Davlatlar va boshqa siyosiy kuchlarning matbuot erkinligini himoya qilishdagi roli pasaymoqda”, — deyiladi hisobotda.

RSF ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oktabr oyidan beri G‘azoda 100 dan ortiq falastinlik jurnalist, jumladan, kamida 22 nafari ish faoliyati davomida o‘ldirildi.

Hisobotda, shuningdek, 2024-yil boshidan beri 12 nafar jurnalist o‘ldirilgani, 544 nafar jurnalist va 26 nafar media xodimi hisbga olingani haqida so‘z borgan.