Prezident farmoni bilan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari tasdiqlandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Farmonga muvofiq, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi.

2024-yil 1-maydan 2026-yil 1-maygacha “A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), shuningdek, QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi.

2024-yil 1-maydan “A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olgan holda uning 70 foizi miqdorida ajratiladigan kreditlar uchun banklarga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan mablag‘ taqdim qilish tizimi joriy qilinadi.

Toshkent shahrida va bosqichma-bosqich hudud markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” (Made in Uzbekistan) brendi ostida milliy mahsulotlar do‘konlari tashkil qilinadi.

Farmonga ko‘ra, gazlama, trikotaj mato ishlab chiqarish va bo‘yash hajmini oshirish uchun infratuzilmaviy va moliyaviy shart-sharoitlar yaratish orqali ip-kalavani qayta ishlash darajasi 2027-yil yakunigacha bosqichma-bosqich 100 foizga olib chiqiladi.

️Respublikani to‘qimachilik xabiga aylantirish va kamida xalqaro darajada tan olingan 10 ta mahalliy brendlarni yaratish ustidagi ishlar manzilli tashkil etiladi.

2026-yil 1-yanvargacha to‘qimachilik sanoat zonalari direksiyalari va ularda tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.

Shavkat Mirziyoyev aprel oyida to‘qimachilik mahsulotlari eksportini an’anaviy arzon bozorlardan (Rossiya, Xitoy, Turkiya) “yangi, qimmatroq"lariga yo‘naltirish zarurligini aytgandi. “Bu sohada yagona to‘g‘ri yo‘limiz — mavjud xomashyoni to‘liq qayta ishlash”, — degandi prezident o‘shanda.