O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi umumiy inflyatsiya darajasini 2,4 foiz punktga oshiradi, deyiladi Markaziy bankning birinchi chorak bo‘yicha pul-kredit siyosati sharhida.

Xususan, elektr energiyasi narxlarining oshishi inflyatsiyani qo‘shimcha 1,2 foiz punktga, tabiiy gazniki 1 foiz punktga, suyultirilgan gazniki esa 0,2 foiz punktga tezlashtirishi prognoz qilinmoqda.

Regulyator yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi tariflari 2023-yilda oshirilganini, yangi tariflar faqat uy xo‘jaliklari uchun joriy etilishini hisobga olib, buning ikkilamchi ta’siri yuqori bo‘lmasligini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, bu ikkilamchi ta’sir asosan inflyatsion kutilmalarning o‘zgarishi darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarda tariflar oshirilishi (so‘nggi davrda keng muhokamada bo‘lgani tufayli) ma’lum bir darajada o‘z aksini topgan. Shuningdek, taklif etilayotgan ijtimoiy norma va to‘lovni kechiktirish imkoniyatlari o‘zgartirishlarning kutilmalarga bo‘lgan salbiy ta’sirlarini yumshatishga xizmat qilishi mumkin, deyiladi sharhda.

Shuningdek, Markaziy bank tariflarning oshishi munosabati bilan inflyatsion kutilmalar qanchalik o‘zgarishini baholash uchun biroz vaqt talab qilinishini ta’kidlagan.

Markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha prognozi.Markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha prognozi.

Markaziy bank energiya resurslari narxlari oshishining narxlarga oshiruvchi ta’sirini jilovlashda ularning uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash muhim hisoblanishini qayd etgan.

Regulyator, shuningdek, aprel oyidan tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va ayrim kommunal xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishi qisqa muddatli istiqbolda bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi tendensiyasini sekinlashtirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Jumladan, ushbu soliqqa tortishdagi o‘zgarishlar kelgusi choraklarda bazaviy inflyatsiyani qo‘shimcha 0,9 foiz bandga (umumiy inflyatsiyani qo‘shimcha 1,0 foiz bandga) oshirishi va IV chorakdan pasayuvchi trendga qaytishiga sharoit yaratishi kutilmoqda.

Real shaxsiy iste’mol o‘sish prognozi. Manba: Markaziy bank.Real shaxsiy iste’mol o‘sish prognozi. Manba: Markaziy bank.

Bundan tashqari, inflyatsiyaning tezlashishi tufayli aholining real daromadlari biroz pasayishi mumkin, deya qayd etdi Markaziy bank.

Avvalroq shuni inobatga olgan holda Markaziy bank 2024-yildagi asosiy ssenariy bo‘yicha umumiy inflyatsiya prognozini 8−9 foizdan 9−11 foizgacha oshirgandi.