Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 5 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi (foto)
Vengriya, Eron, Chexiya, O‘mon va Jazoir elchilari O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi. “O‘zbekiston jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Moldovaning O‘zbekistondagi yangi elchisidan ishonch yorliqlari qabul qilindi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moldovaning yangi elchisi Valeriu Kiverdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari terrorizm va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashni muhokama qildi
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari Farg‘onada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashni muhokama qildi. Shuningdek, qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz chegaralarini demarkatsiyalash jarayonlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi 8−9-may kunlari bo‘lib o‘tadi
Prezident 8−9-may kunlari Rossiyaga tashrifi chog‘ida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlardan tashqari, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining majlisida ham ishtirok etadi.
Iqtisodiyot
“Hozir Yangi Toshkent ustuvorlikda turibdi”. Alstom vitse-prezidenti — poytaxtda tramvay qurilishi haqida
Fransiyaning Alstom kompaniyasi vitse-prezidenti Sasha Parne “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Toshkentda tramvay liniyalarini qurish bo‘yicha loyiha haqida gapirdi. Uning aytishicha, rasmiylar 2030-yilgacha davlat organlari ham ko‘chib o‘tishi reja qilingan Yangi Toshkentni ustuvor yo‘nalish sifatida tanlagan.
UzAuto Motors Gentra, Damas va Labo uchun kontraktatsiyani ochadi
UzAuto Motors 8-may kuni soat 10:00 da avvalgi shartnomalardan chiqarilgan Gentra, Damas va Labo uchun kontraktatsiyani ochadi. Gentra`larni (4500 ta) shu zahoti olib ketish mumkin bo‘ladi. Kompaniya, shuningdek, Cobalt avtomobilini yangilangan modifikatsiyada ishlab chiqara boshlashini ma’lum qildi.
Jamiyat
Ayollarni himoya qilishi kerak bo‘lgan qonun ularni jazolash uchun ham xizmat qilmoqda
O‘tkirbek Xolmirzayev va Zayniddin Shamsidinov oilaviy zo‘ravonlikka doir 10 462 ish asosida o‘tkazgan tadqiqot O‘zbekistonda ayollar himoyasi uchun qabul qilingan qonun ularni jazolashga ham xizmat qilayotganini ko‘rsatdi. “Bu paradoks dunyoning hech bir huquqiy tizimi amaliyotida uchramagan”, deydi tadqiqotchilar.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga 20 mln so‘mdan beriladi
Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushining barcha qatnashchilari va nogironlariga 20 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Avtomashinani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi avvalgi miqdor — BHMning 10 foiziga qaytarildi
Ichki ishlar vazirligi rahbari avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun avvalgi 10 foizlik BHM stavkasini qaytardi, bir oy oldin bu ko‘rsatkich 68 barobar oshirilgandi. Ammo oshirilgan ro‘yxatga olish to‘lovlari (oddiy avtomobillar uchun 6,84 BHM va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarishsiz qoldi.
Sirdaryoda o‘quvchilari sinfda klip tomosha qilgan maktab rahbariyati ishdan olindi
Sardoba tumanidagi 5-maktabda o‘quvchilar Massa`ning “Dumba” klipini tomosha qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida nazoratsiz qoldirgani uchun sinf rahbari, direktor va uning o‘rinbosari ishdan olinganini bildirdi.
Talabalar uchun davlat grantini taqsimlash tartibi o‘zgaradi
Endilikda OTMlarda davlat granti butun o‘qish davri uchun bir talabaga berilmay, har yili yuqori baholar olgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. “Grantga kirgan talaba keyingi o‘quv yilida ham grant uchun kurashishi kerak”, — dedi “Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi” direktori Adham Xudoyqulov.
“Kamolon osh” markazi asoschisi Sa’dullo Saidov vafot etdi
Toshkentdagi “Kamolon osh” asoschisi Sa’dullo Saidov vafot etdi. Uning Tailandga qilgan safari chog‘ida cho‘kib ketgani aytilmoqda. Osh markazi 3 kunga faoliyatini to‘xtatdi.
Surxondaryoda 360 bosh qo‘y sel kelishi oqibatida nobud bo‘ldi
Sherobod tumanida sel oqizib ketishi oqibatida 360 bosh qo‘y nobud bo‘ldi. Qo‘ylar jasadi Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi tomonidan har xil kasalliklar tarqamasligi uchun dezinfeksiya qilinib ko‘mildi.
Oliy sud 205 nafar qatag‘on qurbonlarini oqladi. Ro‘yxat
O‘zbekiston Oliy sudi 1930−1938-yillarda qatag‘on qilingan 205 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmini chiqardi. Ushbu shaxslarning aksariyati konslagerga jo‘natilgan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki otuvga hukm qilingan.
DXX prokuror o‘rinbosari, hokim o‘rinbosari va kadastr boshlig‘ini porada gumonlab qo‘lga oldi
Kadastrlar palatasining Yangihayot tumani filiali boshlig‘i 25 ming dollar pora olgani aytilmoqda. Shuningdek, DXX Farg‘onada prokuror o‘rinbosari, Namanganda hokim o‘rinbosari, Toshkent viloyatida esa elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘ini qo‘lga oldi.
Jurnalist Abdurauf Qorjovov 68 yoshda vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurauf Qorjovov 68 yoshda vafot etdi. U MTRK tizimida 27 yil davomida ishlagan, shuningdek, so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston” gazetasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
Sog‘liq yomonlashuviga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish dekriminalizatsiya qilinishi mumkin
Sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazishni dekriminalizatsiya qilib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazilishi kutilmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini qabul qildi.
Xorazmdagi bog‘chada bolalarga tarsaki tushirgan tarbiyachi ishdan olindi
Gurlan tumanidagi 23-bog‘chada bir-biri bilan urishgan bolalarga tarsaki tushirgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, ayni shu tarbiyachi e’tiborsizligi sababli boshqa bir holatda bolaning qo‘lini eshik qisib qolgani aniqlandi. Uning barmog‘iga igna tiqilmagan, balki davolash uchun maxsus sim qo‘yilgan.
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy rejasi ustida ish olib borilmoqda
Toshkentda bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishi va moslashuv masalalariga bag‘ishlangan anjumanda milliy moslashuv rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi. Bunday rejaga ega bo‘lish Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga sodiq bo‘lgan har bir davlat uchun majburiydir.
BEKOR QILINDI: Qoraqalpog‘iston va Xorazmni bog‘lovchi ko‘prik 7−9-may kunlari yopilmaydi
Qoraqalpog‘istonda fevral oyi oxirida ochilgan Amudaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik 7−9-may kunlari yopilishi rejalashtirilgan edi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” ko‘prik yopilmasligini ma’lum qildi.
10−12-may kunlari Toshkentdan Samarqandga qo‘shimcha “Afrosiyob” ppoyezdlari qatnaydi
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 10,11,12-may kunlari Samarqand — Toshkent — Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yiladi. Avvalroq poytaxtdan Qarshiga ham 8, 9-mayda qo‘shimcha poyezdlar qatnovi bo‘lishi xabar qilingandi.
8-may kuni Toshkentda harbiylarning piyoda yurishi bo‘lib o‘tadi
8-may kuni Toshkent shahrida Mudofaa vazirligi harbiy bo‘linmalarining namoyishkorona yurishi bo‘lib o‘tadi. Harbiy xizmatchilar G‘alaba bog‘idan Magic City parkigacha harakatlanadi. Poytaxtning bir qator ko‘chalari transportlar uchun yopiladi (xarita).
Sport
Nodirbek Abdusattorov Grand Chess Tour musobaqasining birinchi bosqichida ishtirok etadi
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Superbet Rapid & Blitz Poland 2024 — mukofot jamg‘armasi 175 ming dollar bo‘lgan Grand Chess Tour’ning birinchi bosqichida ishtirok etadi. Turnirda Magnus Karlsen, Dommaraju Gukesh va boshqa shaxmatchilar ham ishtirok etadi.
Jahon
Xitoy raisi so‘nggi besh yil ichida ilk bor Yevropaga tashrif buyurdi
Xitoy raisi Si Szinpin 2019-yildan beri ilk bor Yevropa bo‘ylab turnega chiqdi — u Fransiya, Serbiya va Vengriyaga tashrif buyuradi. Turne Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo kelishmovchiliklari va Rossiyaning Ukraina bilan urushi tufayli keskinlashgan munosabatlar davriga to‘g‘ri keldi.
Rossiya hukumati iste’foga chiqdi
Vladimir Putinning prezidentlik lavozimiga kirishishi munosabati bilan Rossiya hukumati iste’foga chiqdi. Yaqin kunlarda Putin Davlat dumasiga yangi bosh vazir nomzodini taqdim etadi. Ungacha avvalgi hukumat o‘z vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi.
Gaz plitalari ishlatadigan odamlar zararli moddalarni ko‘proq yutadi — tadqiqot
Stenford universiteti olimlari gaz plitalaridan foydalanish xavfli miqdordagi azot dioksidi chiqarishini aniqladi, bu bolalarda astma, kattalarda esa erta o‘limga olib kelishi mumkin. Kichikroq yashash joylarida ifloslanish darajasi yuqori bo‘ladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!