Prezident 6-may kuni giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakat genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya qabul qilindi.

Milliy strategiya doirasida quyidagi maqsadlarga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi:

  • aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, o‘quvchi va talabalar orasida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish;
  • aholiga sifatli narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yangi usullar asosida rivojlantirish, giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli choralarni amalga oshirish;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internet tarmog‘idagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini, birinchi navbatda raqamlashtirish orqali rivojlantirish;
  • davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda dorixonalarning giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanish amaliyotini nazorat qilish, shuningdek, farmatsevtika korxonalari, giyohvandlik vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi subyektlar mas’uliyatini oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
  • giyohvandlikni davolash va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar, xulosalar, yutuqlar va yangiliklarni amaliyotga joriy etish hamda ommaga yetkazishni ta’minlash.

Farmon bilan, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (rais — bosh vazir Abdulla Aripov) va uning hududiy komissiyalari tarkiblari tasdiqlandi.

Strategiyani ro‘yobga chiqarishda 6 ta maqsad va uning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Aholida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish

  • Televideniye efir vaqtining (praym taym) ijtimoiy reklamalar uchun mo‘ljallangan qismida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar iste’moli va ularning noqonuniy muomalasining salbiy oqibatlari, shuningdek, aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimidagi imkoniyatlari yoritiladi.
  • Giyohvandlikning inson ma’naviyati va sog‘lig‘iga zarari to‘g‘risida aholining ogohligini oshirishda turli din va konfessiya vakillari imkoniyatlaridan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
  • Hududlar kesimida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan iborat 14 ta ijodiy guruh shakllantiriladi hamda aholi orasida maqsadli targ‘ibot faoliyati tashkil etiladi.
  • Giyohvandlikka chalingan shaxslar, jumladan, yoshlarni “mahalla yettiligi” ko‘magida faol ijtimoiy hayotga qaytarishni nazarda tutuvchi yangicha ishlash mexanizmlari joriy etiladi.
  • Maktab o‘qituvchilari va inspektor-psixologlari tomonidan o‘quvchilarning zararli odatlari to‘g‘risida ota-onalarini xabardor qilish mexanizmi yaratiladi.
  • O‘rta va o‘rta-maxsus professional ta’lim muassasalarining fanlar va darsdan tashqari jarayondagi dasturlariga ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlari (SEL) kiritiladi.
  • Giyohvandlikka qarshi kurashishda mahallalardagi yoshlar yetakchilari rolini kuchaytirishga qaratilgan yangi ishlash mexanizmlari joriy etiladi.
  • Chegaraoldi hududlarda joylashgan har bir mahallada (ovul, QFY) istiqomat qiluvchi aholi uchun giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlantiruvchi targ‘ibot-tashviqot tadbirlari doimiy o‘tkaziladi.
  • Xotin-qizlarning giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga aralashib qolishlarining oldini olish va ularni sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha yillik manzilli tezkor-profilaktik tadbirlar dasturlari amalga oshiriladi.
  • “Mahalla — oilaviy poliklinika — ta’lim muassasasi” tamoyili asosida pedagog, tibbiyot xodimi, profilaktika inspektori va mahalla faollarining hamkorlikdagi profilaktik ishlari amalga oshiriladi.
  • Xotin-qizlar orasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga qaratilgan “Sharq ayoli ma’rifati” loyihasi ishlab chiqiladi.
  • Giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha “Targ‘ibot a’lochisi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
  • Sog‘lom turmush tarzini yorituvchi badiiy, hujjatli, animatsion hamda mulutiplikatsion filmlar va spektakllar ishlab chiqarish, shuningdek, konsert dasturlari, qo‘shiqlar, kliplar, qisqa metrajli ijtimoiy videoroliklar yaratish hajmi oshiriladi.
  • Giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlarini yoritishga qaratilgan tadbirlarda madaniyat, sport va san’at vakillari imkoniyatidan foydalaniladi.
  • Ishlab chiqiladigan serial, kino va telenovellalar ssenariylariga giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlarini yorituvchi epizodlar kiritiladi.
  • Giyohvandlikning salbiy oqibatlarini yorituvchi xorijiy davlatlarda ishlab chiqilgan ta’sirli badiiy, hujjatli, animatsion va multiplikatsion filmlarni davlat tiliga tarjima qilgan holda ularning namoyishi tashkil etiladi.
  • “Markaziy Osiyo — giyohvandlik vositalaridan xoli hudud” konsepsiyasi taqdimoti O‘zbekistonda tashkil etiladi.
  • BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish o‘yicha tashabbusiga O‘zbekistonning qo‘shilishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

Sohadagi yangi mexanizmlar

  • Giyohvandlik vositalari noqonuniy kirib kelishining (kontrabanda) asosiy yo‘nalishlari aniqlanadi, bu borada idoralararo yillik maxsus va tashkiliy tezkor profilaktik tadbirlar kompleksi tasdiqlanadi.
  • Giyohvandlik vositalarini tezkor aniqlash yo‘nalishida dunyoda tan olingan maxsus texnik vositalarni ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi, texnik qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi.
  • Xalqaro pochta jo‘natmalari orqali giyohvandlik vositalari kirib kelishining oldini olish maqsadida pochta muassasalarining moddiy-texnik bazasi takomillashtiriladi.
  • Narkojinoyatlar xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni darajalarga tasniflash metodikasini ishlab chiqish orqali huquq-tartibot organlari kuch va vositalarini qayta taqsimlash bo‘yicha amaliy choralar belgilanadi (narkojinoyatlar xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga aniqlik kiritiladi).
  • Respublikada yangi paydo bo‘layotgan giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq muammolarni va prekursorlar noqonuniy muomalasi va suiiste’molini barvaqt aniqlash va bartaraf etish maqsadida vaqtinchalik taqiqlash yoki cheklash (moratoriy) tartibi joriy etiladi.
  • Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida respublikada tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud dori preparatlari, psixotrop moddalarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoj aniqlanadi.
  • Muruvvat yordami tariqasida giyohvandlik vositalarini respublikaga olib kirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda olib chiqish tartibi belgilanadi.
  • Respublika budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar, xalqaro loyihalar va grantlar doirasida chegara o‘tkazish punktlari va bojxona postlari uchun zamonaviy maxsus texnik vositalarni xarid qilish hajmi oshiriladi.
  • Jahon bojxona tashkiloti va Narkotiklarni nazorat qilish xalqaro qo‘mitasining ma’lumot bazalaridan Bojxona qo‘mitasining erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.
  • Giyohvandlik vositalarining kontrabandasi bilan bog‘liq holatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rish maqsadida chegara hududlardagi yo‘l infratuzilmasi yaxshilanadi.
  • Respublika hududiga kirib keladigan va tranzit yuklar, xalqaro pochta jo‘natmalari xususida qo‘shni va xorijiy davlatlar bilan dastlabki ma’lumotlarning elektron almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
  • “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqiladi.
  • Giyohvandlik vositalarining ko‘rgazmali reklama (narkograffiti) va ularni “zakladka” usuli bilan tarqatishga qarshi javobgarlikni kuchaytirish orqali mazkur turdagi jinoyatlarni keskin kamaytirish choralari ko‘riladi.
  • “Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar” tushunchasi normativ-huquqiy hujjat bilan belgilanadi.
  • Narkojinoyatlar yo‘nalishida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi.
  • Narkojinoyatlar, noqonuniy muomaladan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgan shaxslarga jazo tayinlashda yengillashtiruvchi mexanizmlarni va jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilishni taqiqlovchi choralar belgilanadi.
  • Xorijiy davlatlarda turli maqsadlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlari xususida ogohlikni oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazish ko‘lami oshiriladi.
  • Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlarini yorituvchi kontentlar ko‘paytiriladi.
  • Chet eldagi o‘zbekistonlik talabalarning giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
  • Kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda alohida reja asosida tezkor profilaktik tadbirlarni tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
  • Giyohvandlik va narkojinoyatlar profilaktikasining milliy modeli yaratiladi.
  • BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Narkotiklarni nazorat qilish xalqaro qo‘mitasi bilan manzilli hamkorlikni tashkil etuvchi O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda birinchi kotib shtat birligi kiritiladi.
  • Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi faoliyatini moliyalashtirish ishlari yakunlanadi va unda O‘zbekistonning 2024−2026-yillarda raisligi ta’minlanadi.
  • Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy kengashini tashkil etish tashabbusi ilgari suriladi.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashda zamonaviy ishlash usullari

  • Avtotransport vositalari haydovchilarining mastlik darajasini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari narkotesterlar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi.
  • Giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda ishlab chiqarishda qo‘llanadigan asbob-uskuna, turli kimyoviy moddalar reyestri shakllantiriladi.
  • Narkojinoyatlar haqida ma’lumot bergan yoki aniqlashda ko‘maklashgan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish instituti joriy etiladi.
  • Ma’muriy huquqbuzarlikni giyohvandlik vositalari ta’siri ostida sodir etishni og‘irlashtiruvchi holatlar qatoriga kiritish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinadi.
  • Giyohvandlik vositalari va prekursorlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan noqonuniy laboratoriyalar aniqlanadi va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha metodikalar ishlab chiqiladi.
  • Sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aniqlash bo‘yicha tezkor qidiruv chora-tadbirlar mexanizmlari ishlab chiqiladi.
  • Giyohvandlikka qarshi kurashish sohasini rivojlantirish uchun respublika jamg‘armasi tashkil etiladi.
  • Noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalarini narxlash amaliyoti o‘rganiladi.
  • Narkojinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish faoliyati takomillashtiriladi, bu borada qo‘llanayotgan yangi moliyaviy jinoiy usullar aniqlanadi va bartaraf etish tizimi yaratiladi.
  • Narkojinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan pul mablag‘larini to‘xtatish va musodara qilishning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi.
  • Narkojinoyatlarni tergov qilish jarayonida jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq moliyaviy jihatlarni bir vaqtning o‘zida tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
  • OAVda narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarning sud jarayonlari yoritib boriladi.
  • Internet tarmog‘ida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanayotgan veb sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlar cheklanadi.
  • San’at va madaniyat vakillari, internet faollari tomonidan giyohvandlik vositalari targ‘iboti uchun javobgarlik belgilanadi.
  • Tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud o‘simliklarning vegetativ jarayoni foto jamlanmasi shakllantiriladi.
  • Narkojinoyatlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar jarayonida uchuvchisiz boshqariladigan maxsus texnikalar (dronlar)dan foydalaniladi.
  • Tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud yovvoyi o‘simliklarni yo‘q qilmagani uchun yer egalariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
  • Giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi.
  • Xorijiy tajribalarni o‘rganish orqali giyohvandlik tashxisini qo‘yish usullari takomillashtiriladi.
  • Narkologiya muassasalarida olingan tahlil (qon, siydik) namunalarini sud hukmi qonuniy kuchga kirgunga qadar saqlash tartibi belgilanadi.
  • Huquq-tartibot idoralarining narkojinoyatlarga qarshi kurashuvchi bo‘linmalari shtat birliklari bosqichma-bosqich oshiriladi.
  • Huquq-tartibot idoralarining narkojinoyatlarga qarshi kurashuvchi markaziy va hududiy bo‘linmalari tarkibida internet tarmog‘ida narkojinoyatlarga qarshi kurashish tuzilmalari tashkil etiladi.
  • Kinologiya xizmatlari tomonidan giyohvandlik vositalarini aniqlashga o‘rgatilgan xizmat itlarini ko‘paytirish, tayyorlash, ehtiyojdan ortig‘ini eksport qilish amaliyoti joriy qilinadi.
  • Tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud dori vositalarini elektron retsept asosida berish amaliyoti joriy etiladi.

Aholiga sifatli narkologik yordam ko‘rsatish

  • Maktab o‘quvchilari orasida giyohvandlik vositalarining iste’molini erta aniqlash uchun rejali psixolog va zarur hollarda narkolog maslahatlari amaliyoti joriy etiladi.
  • Xavf guruhiga kiruvchi o‘quvchi/talabalarni chuqurlashtirilgan narkolog ko‘rigidan o‘tkazish tartibi tatbiq qilinadi.
  • Giyohvand bemorlar orasida OIV infeksiyasiga chalinish holatlari kamaytiriladi.
  • Ijtimoiy og‘ir vaziyatdagi xotin-qizlar va yoshlar uchun “Sog‘lom hayot sari” elektron platformasi yaratiladi.
  • Giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qiluvchi shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berishni nazarda tutuvchi ijtimoiy mobil ilova yaratish orqali latent (yashirin) giyohvandlar aniqlanadi.
  • Giyohvandlik vositalariga ruju qo‘ygan shaxslarni davolashda VR (Virtual Reality) texnologiyasidan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
  • “Giyohvandlik bedavo emas” shiori ostida ichki nizolarning oldini olish maqsadida giyohvandlarning oila a’zolari uchun o‘quv dasturlari va kurslari tashkil etiladi.
  • Narkologiya mutaxassisligi imiji oshiriladi.
  • Narkologiya xizmatini aholiga yaqinlashtirish maqsadida murojaat maxfiyligi kafolatlangan maslahat olishni ta’minlovchi Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
  • Psixofaol vositalarga qaramlikni davolash hamda retsidiviga qarshi kurashishda biologik faol moddalar ishlab chiqiladi.
  • Respublikada ro‘yxatdan o‘tayotgan biologik faol moddalarni tarkibida giyohvandlik vositalari mavjudligi bo‘yicha majburiy tadqiqotdan o‘tkazish tartibi joriy qilinadi.
  • Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarning teleradiokanallar orqali reklamasi uchun xulosa olish tartibi joriy etiladi.
  • Tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi reanimatsion brigadalar giyohvandlik vositalaridan og‘ir zaharlanishni bartaraf etish uchun maxsus dori vositalari bilan ta’minlanadi.
  • Birlamchi ixtisoslik sikllari, magistratura, klinik ordinaturada narkologiya, tibbiy psixologiya va psixoterapiya sohasida mutaxassislar tayyorlash hajmi 5 baravarga oshiriladi.
  • Alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda bo‘lgan shaxslarni pulli asosda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi joriy qilinadi.
  • Narkologiya sohasida xususiy sektor, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi va imtiyozlar belgilanadi.
  • Narkologik muassasalarda xo‘jalik hisobidagi pulli bo‘limlarni tashkil etish orqali muqobil davolanish imkoniyati joriy etiladi.
  • Xususiy va davlat-xususiy sheriklik shaklidagi narkologik muassasalarda majburiy davolash tartibi joriy etiladi.
  • Voyaga yetmaganlar orasida giyohvandlik tarqalganlik holatini aniqlashning yangi metodikasi ishlab chiqiladi.
  • Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Toshkent viloyatlari narkologiya filiallari yangi binoga ko‘chiriladi.
  • Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent va Qo‘qon shaharlari narkologiya filiallari uchun qo‘shimcha binolar quriladi.
  • Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahri, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari narkologiya yo‘nalishi bo‘yicha filiallari binolari kapital ta’mirlanadi.
  • Narkologiya muassasalari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining narkologiya kabinetlari moddiy-texnik bazasi bosqichma-bosqich yaxshilanadi.
  • Narkologiya muassasalaridagi o‘rin-joylar (koykalar) bosqichma-bosqich 30 foizgacha oshiriladi.

Giyohvandlikka chalinganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish

  • Giyohvandlarni ijtimoiy hayotga qaytarish samaradorligi oshirish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimida Addiktologiya tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya markazi tashkil etiladi.
  • Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning barcha narkologiya bo‘yicha hududiy filiallarida reabilitatsiya tizimi joriy etiladi.
  • Jazoni o‘tayotgan narkologik kasallikka chalingan shaxslarni davolash uchun jazoni ijro etish muassasalarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
  • Majburiy davolanishdan o‘tayotgan giyohvand bemorlar uchun tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari ishlab chiqiladi.
  • Giyohvand bemorlar va muqaddam sudlangan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
  • “12 qadam” dasturi elementlari giyohvandlikka chalingan bemorlarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya dasturlariga kiritiladi.
  • “Giyohvand shaxs”, “giyohvand shaxs yaqinlari” va “giyohvand shaxs bilan shug‘ullanuvchi mas’ullar” toifalari uchun ijtimoiy-psixologik ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.
  • Giyohvandlikka chalingan bemorlarni ishga joylashtirishda ishtirok etuvchi tadbirkorlarga imtiyozlar belgilashni nazarda tutuvchi mexanizmlar yaratiladi.
  • Tashkilot, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida giyohvand bemorlarning reabilitatsiyasi davrida diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Giyohvandlikka chalingan bemorlar uchun “mehnat terapiyasi”ni tashkil etishda davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi.
  • “Teng-tengiga” prinsipi asosida giyohvandlikka chalingan bemorlarning anonim guruhlari tashkil etiladi va davra suhbatlari o‘tkaziladi.
  • Giyohvandlikka chalingan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasiga oid xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan holda magistratura va qayta tayyorlash dasturlari boyitiladi.
  • Giyohvandlikka chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish brigadalari uchun tibbiy psixologlar, psixoterapevtlar va ijtimoiy xodimlarni tayyorlash hajmi 2 baravarga oshiriladi.

Soha bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish

  • Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilmiy ishlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan davlat grantlari ajratiladi.
  • Giyohvandlikka chalinish (latent giyohvandlik) holatlari tarqalganini respublika miqyosida aniqlash maqsadida epidemiologik tadqiqotlar o‘tkaziladi.
  • Texnik kannabis o‘simligining yangi navlarini yaratish bo‘yicha tegishli ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshiriladi.
  • Yovvoyi nashazorlarni kimyoviy moddalardan foydalangan holda yo‘q qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.
  • Giyohvandlikning inson geni, kelajak avlod va reproduktiv salomatlikka bo‘lgan ta’sirini aniqlash bo‘yicha ilmiy tadqiqot va izlanishlar amalga oshiriladi.
  • Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiruvchi giyohvandlik vositalari bo‘yicha izlanishlar va tahlillarni yorituvchi ilmiy nashr joriy etiladi.