Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida o‘tgan uchrashuvda prezidentlar Aleksandr Lukashenko (Belarus), Qosim-Jomart Toqayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Vladimir Putin (Rossiya), kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Migel Dias-Kanel (Kuba), Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston rahbari so‘zining avvalida Vladimir Putinni Rossiya prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. Yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ta’sis etilganining o‘n yilligi bilan qutladi.

Uning ta’kidlashicha, bugungi sharoitda mamlakatlar savdo-iqtisodiy aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega. O‘tgan oyda Toshkentda o‘tgan “Innoprom” an’anaviy xalqaro ko‘rgazmasi shunday hamkorlikka ijobiy misol sifatida qayd etildi.

“Bugun ushbu forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi boshqa davlatlar bilan biznes muloqotini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi”, — dedi prezident.

Ushbu maydonni kengaytirish, boshqa hamkor mamlakatlar, shu jumladan, Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi davlatlardan ham kompaniyalarni jalb qilish niyati bildirildi.

O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida YeOII bilan hamkorligi haqida so‘z yuritar ekan, davlat rahbari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan oshganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda. Mingdan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi o‘smoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga ko‘paydi. O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim kun tartibiga oid loyiha va dasturlarga qo‘shildi.

Shavkat Mirziyoyev YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi. U O‘zbekiston amaliy hamkorlikni kengaytirib, YeOIIni rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar doirasidagi sohaviy sheriklikning ko‘p tomonlama loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Bu borada O‘zbekiston hukumati va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlash taklif qilindi.

“Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

YeOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siq va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2009-yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish jarayonini boshladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron almashish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik tartibga solish choralarini bir xillashtirish rejasini qabul qilish va elektron sertifikatlashtirish bu borada aniq amaliy qadamlar bo‘ladi.

“Shimol-Janub” transport yo‘lagini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqadigan qilib rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda aprel oyi oxirida Termiz shahrida o‘tgan “Belarus — Rossiya — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston” multimodal yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha transport idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi samarali yakunlari qayd etildi.

Tranzit tartibotlarini soddalashtirish maqsadida bugungi kunda joriy qilinayotgan YeOII bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.

Bu borada alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, unda mamlakatlar hududlarida hamkorlikda tashkil etilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutish taklif qilindi.

“Bunday loyihalarga tadbirkorlarni keng jalb qilish masalalari shu yili Samarqandda o‘tadigan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va YeOII Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqilishi mumkin”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati bildirildi.

Bundan tashqari, u YeOII organlari bilan quyidagi muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:

  • Yevrosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;
  • iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yengib o‘tishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi;
  • mamlakatlarda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan, raqamli platformalardan foydalanish orqali;
  • turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.