6-may kuni Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Vinsent Kopen, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Karman tomonidan O‘zbekistonda yashil rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga doir yangi loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda BMTTD matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha O‘zbekiston hukumatiga davlat moliyasidan samarali foydalanish, yashil ustuvorliklarni budjet jarayoniga integratsiyalash (yashil budjetlashtirish) va yashil loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish uchun innovatsion moliyaviy vositalarni joriy etish orqali mamlakatda yashil rivojlanishni moliyalashtirishga kompleks yondashuvni amalga oshirishda ko‘maklashishga qaratilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirishda milliy hamkor sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etishi kutilmoqda.

Imzolangan kelishuv doirasida YeI tomonidan taqdim etilgan 600 ming yevro miqdoridagi grant mablag‘lari 2024−2026-yillarda “O‘zbekistonda yashil rivojlanishni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida O‘zbekiston hukumatiga texnik yordam ko‘rsatish uchun FTA va BMTTDga yuboriladi.

“Yashil ustuvorliklarni moliyalashtirishga integratsiya qilish va innovatsion vositalardan foydalanish orqali biz barqaror rivojlanishga yordam beruvchi budjet jarayoniga yo‘l ochyapmiz”, — dedi Anas Fayyad Karman.

Yangi loyiha 2022−2023-yillarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) asosida budjetlashtirish metodologiyasi va amaliyotini joriy etish bo‘yicha FTA va BMTTDning oldingi qo‘shma tashabbusi natijalari va yutuqlariga asoslanadi. O‘shanda IMVga ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan metodologiyalarni ishlab chiqish va rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, BRM va yashil budjetlashtirish sohasida milliy hamkorlar salohiyatini mustahkamlashda ko‘mak berilgandi.

Loyihaning asosiy natijalari O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirilayotgan budjetning iqlimiy belgilanishi va uning natijalarini “Fuqarolar uchun budjet” doirasida taqdim etishdan iborat. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari mamlakat siyosatiga qay darajada integratsiyalashgani va davlat budjetida aks ettirilganini tahlil qilish va aniqlashga mo‘ljallangan O‘zbekistondagi iqlim bo‘yicha davlat xarajatlari va institutsional baholashning birinchi sharhi tayyorlangan.

“Ushbu natijalar hukumatning parlament va fuqarolik jamiyati bilan iqlim o‘zgarishi va yashil rivojlanish masalalarining O‘zbekiston uchun ahamiyati to‘g‘risidagi muloqot va aloqalarini mustahkamlash uchun kuchli asos bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.