O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Dehli aeroportida noqonuniy ravishda 5 kg oltin olib o‘tayotganida ushlangan 2 nafar o‘zbekistonlikka nisbatan boshlangan tergov harakatlarini nazoratga oldi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, ular Dubaydan kelib, aeroport bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida 3,16 million rupiylik (taxminan 37,8 ming dollar) oltinni noqonuniy olib kirishga uringani aniqlangan.

Elchixona tomonidan fuqarolar bilan bog‘liq surishtiruv jarayoni nazoratga olingan va Hindistonning mas’ul huquq-tartibot idoralari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan.

Shuningdek, vaqtincha hibsga olingan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Diplomatik missiya o‘zbekistonliklardan xorijga, jumladan, Hindistonga safar qilish chog‘ida chet davlatlar qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishga, turli shubhali guruhlar yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslikka, samolyotga chiqish oldidan begona kishilardan yuk yoki buyumlar olmaslikka chaqirdi.