Afg‘oniston shimolida kuchli yomg‘irlar keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida kamida 150 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda “Tolibon” rasmiylariga tayanib, BBC xabar bermoqda.

Bag‘lon viloyatining besh tumanida kuchli yog‘ingarchilik tufayli o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan, qurbonlar soni ortishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarda bir qancha qishloqlardan oqib o‘tayotgan suv oqimi vayronagarchiliklarni keltirib chiqargani aks etgan.

Mamlakatda so‘nggi bir necha hafta ichida g‘ayrioddiy kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi, aprel oyining o‘rtalaridan beri suv toshqinlari ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdulmatin Qani BBC nashriga Bag‘lon viloyatida kamida 131 kishi, Tahorda esa 20 kishi halok bo‘lganini aytdi.

Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi Bag‘lonning Borka tumanidan bo‘lib, u yerda 200 dan ortiq odam o‘z uylarida qamalib qolgan. Rasmiylar avvalroq vertolyotlar poytaxt Kobuldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shimolda joylashgan Bag‘longa jo‘natilganini, ammo tungi ko‘rish chiroqlari yetishmasligi sababli “operatsiya muvaffaqiyatli o‘tmaganini”ni aytgan.

Uyidan ayrilgan ba’zi oilalarga chodir, ko‘rpa-to‘shak va oziq-ovqat bilan ta’minlandi, deya qo‘shimcha qildi rasmiylar. Kobulni Afg‘oniston shimoli bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l yopilgan.

Bu safargi hodisa o‘tgan oy mamlakat g‘arbida sodir bo‘lgan suv toshqini o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan, minglab odamlar gumanitar yordamga muhtoj bo‘lib qolganidan keyin sodir bo‘ldi. Shuningdek, 2000 ga yaqin uy, uchta masjid va to‘rtta maktab zarar ko‘rdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qishning nisbatan quruq bo‘lgani tuproqning yog‘ingarchilikni o‘zlashtirishini qiyinlashtirgan.

Afg‘onistonda kuchli yomg‘ir va suv toshqini har yili odamlarning hayotiga zomin bo‘ladi, qishloq joylarida qurilgan ayrim uylar, ayniqsa, bu kabi hodisalar oldida zaiflik qiladi. Mutaxassislarning fikricha, Afg‘oniston dunyoning iqlim o‘zgarishi ta’siridan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlatlari qatoriga kiradi.

“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid shanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi postida “Yuzlab odamlar bu dahshatli suv toshqini tufayli halok bo‘ldi, katta qismi esa jarohat oldi. Toshqinlar shimoli-sharqdagi Badaxshon, shuningdek, G‘or va g‘arbiy Hirot viloyatlari ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Katta vayronagarchilik, katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib keldi”, — deb yozdi.