Apple kompaniyasi o‘zining yangi iPad mahsulotiga ishlangan reklamasi uchun uzr so‘radi, deb yozmoqda The Guardian.

Gap shundaki, 9-may kuni kompaniya bosh direktori Tim Kuk X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida bir daqiqalik videoni e’lon qildi. Unda musiqa hamohangligida gidravlik press qurilmasi madaniyat va san’atga oid narsalarni maydalab yuborganini ko‘rish mumkin: pianino, gitara, televizor, kitoblar, bo‘yoq bankalari va boshqalar. Video hozirgacha X tarmog‘ida 60 millionga yaqin ko‘rildi.

Video so‘ngida press ta’sirida maydalangan ashyolar o‘rnida yangi iPad paydo bo‘ladi — shu tariqa Apple o‘zining yangi qurilmasi qanchalik yupqa va ko‘p funksiyali ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay, video ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga uchradi — aksar foydalanuvchilar reklamani yangi texnologiyalar insoniyat san’ati va tajribasini qanday yo‘q qilayotganining namoyishi sifatida qabul qildi.

Reklama Kukning sahifasidan, shuningdek, kompaniyaning YouTube kanalidan olib tashlanmadi, biroq Apple mazkur namoyish uchun uzr so‘radi va videoni televideniyeda ko‘rsatmasligini ta’kidladi.

7-may kuni Apple o‘zining navbatdagi taqdimotida yangi modeldagi planshetlar — iPad Air va iPad Pro`ni namoyish etgandi. Ularning yangi modellari diagonali 11 va 13 dyuymli bo‘ladi. 13 dyuymli model kompaniya tarixidagi eng ingichka qurilmaga aylandi — 5,1 mm.