Yangi Namangan tumanida 68 yoshli erkak 7 yoshli qizga nisbatan uyatsiz harakatlar qilganlikda gumonlanayotgani haqida yozgandik. Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, erkakka nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Hodisa yuzasidan 5-aprel kuni Namangan shahri tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Dastlabki tergov natijasida 1-may kuni erkak B.I.ning qilmishi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish; 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan qayta malakalandi va u protsessual tartibda ushlanib, sudga kiritilgan iltimosnoma asosida erkak qamoqqa olindi.

Jinoyat ishi yuzasidan Yangi Namangan tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi davomida tarmoqlarda bir ayolning videomurojaati ham paydo bo‘ldi. Unda ayni shu erkak oldin ham — 2023-yilning noyabr oyida boshqa bir 7 yoshli qizga nisbatan uyatsiz harakatlar sodir etgani haqida so‘z borgan. Lavhada aytilishicha, erkak qizaloqni 1−1,5 soat davomida mashina ichida ushlab o‘tirgan va o‘zining jinsiy maylini qondirgan. Ichki ishlar organlariga qilingan murojaatlar samara bermagani ta’kidlangan.

“Gazeta.uz” bu masala yuzasidan ham izoh so‘rab bolalar ombudsmaniga murojaat qildi.

“Boshqa holat tasdiqlanmagan, mana shu holat buyicha ish qayta malakalanib, shaxs qamoqqa olingan. Yana har tomonlama o‘rganamiz, agar aniqlansa, ko‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deya javob berdi ombudsman Surayyo Rahmonova.

“Yana bir bor eslatish o‘rinli: shaxs IIV xodimi emas, 12 yil avval tuman YPX boshqarmasi bog‘ida yollanma bog‘bon bo‘lgan. 2014-yilda nafaqaga chiqib ketgan”, — deb qo‘shimcha qildi u.