2024-yilda O‘zbekiston Rossiyaning 5 milliard dollarlik sarmoyasini o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni xorijiy sheriklar bilan imzolangan kelishuvlar ijrosining borishi va sarmoyaviy hamkorlik bo‘yicha kelgusi rejalar bilan tanishdi.

22−24-aprel kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi “Rossiya Federatsiyasi bilan muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka yorqin misoldir”. Tadbir doirasida 4 milliard dollarlik bitimlar to‘plami qabul qilindi.

инвестисиялар, иннопром, лазиз кuдратов, россия, шавкат мирзиёев

2023-yil oxirida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Prezident 2030-yilgacha bu hajmni ikki baravar oshirish vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekistonda Rossiya bilan 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023-yilda 700 dan ortiq yangi korxona tashkil etildi. O‘tgan yili 3 milliard dollarga yaqin Rossiya investitsiyalari o‘zlashtirildi, bu yil ko‘rsatkich 5 milliard dollar bo‘lishi kutilmoqda.

“Bugungi kunda [Rossiya bilan] qo‘shma loyihalar portfeli 44 milliard dollardan oshmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning o‘zida kamida 5 milliard dollarlik [Rossiya] investitsiyalarini o‘zlashtirishni ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bu vazifani bemalol bajarsa bo‘ladi. Barcha sohalar, barcha tarmoqlar, hududlar bo‘yicha aniq rejalar, tarmoq sxemalari, yo‘l xaritalari tayyorlandi”, — dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

ISSV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, prezident ushbu loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun “nostandart yondashuvni taqdim etish, nostandart mexanizmlarni joriy etish” bo‘yicha topshiriq bergan.

“Nafaqat vazirlik va idoralar, balki hukumat, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuraturaning barcha zarur bo‘linmalari qo‘shiladi. Va bu yondashuv, nostandart yondashuv, har bir rossiyalik investor bilan, har bir sherik bilan maqsadli ishlash, albatta, o‘z natijasini beradi”, — dedi u.

2−3-may kunlari 93 davlatdan 2,5 mingdan ortiq mehmon ishtirokida Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari va eksport shartnomalari paketi imzolandi.

Qurilish, yashil energiya, tog‘-kon sanoati, infratuzilmani rivojlantirish, kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik va sog‘liqni saqlash sohalaridagi yirik loyihalar shular jumlasidandir.

Davlat rahbari “yo‘l xarita”larining barcha bandlari o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tizimli hal etib borishni topshirdi.